Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoning “Eng namunali mahalla raisi” aniqlandi

Guliston shahridagi “Yoshlar markazi”da “Eng namunali mahalla raisi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning sektor hamda tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 11 nafar mahalla raisi ishtirok etdi.

Uch shart: mahalla raisining amalga oshirgan ishlari taqdimoti, sohaga oid qonun hujjatlari bo‘yicha savol-javob hamda mahallada uchraydigan kutilmagan muammoli vaziyatga yechim topish bo‘yicha mahoratni namoyish qilish.

Yakunda Shirin shahridagi “Do‘stlik” mahallasi raisi Umidjon Xolmatov faxrli uchinchi, Xovos tumanidagi “Gulbahor” mahallasi raisi Sherali Ummatov ikkinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rin esa Oqoltin tumani “Yangi Toshkent” mahallasi raisi Gappor Xujaqulovga nasib etdi.

G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, 1, 2 va 3-o‘rin egalari 5 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Taqdirlash marosimida qatnashgan viloyat hokimi nafaqat mahalla raisi, balki “mahalla yettiligi”dagi har bir xodim atrofdagilarga har ishda o‘rnak bo‘lishi kerakligini taʼkidladi.

Bu gap faqat mahalla xodimlarining yurish-turishi, amaliga taalluqli emas. Ularning xonadoniga kelgan kishi, avvalo, saranjom-sarishtalik, tomorqa madaniyatiga eʼtibor beradi, - dedi Akmaljon Maxmudaliyev. — O‘z xonadonidagi sharoit bir navi bo‘lgan joyda mahalla masʼullari boshqalarga “Uyingni epaqaga keltir, tomorqangga ekin ek”, deb nasihat qilsa, qanday bo‘ladi? Mahallaning jamiyatdagi obro‘yi, nufuzini oshirmoqchi ekanmiz, bu masalani ham esdan chiqarmaslik kerak.

O‘z navbatida, viloyat hokimi “mahalla yettiligi” o‘rtasida "Eng namunali xonadon sohibi" tanlovini o‘tkazishni taklif qildi. Tanlov 22-martga qadar davom etadi va g‘oliblar viloyat hokimligining maxsus sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish