Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +7.7C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Аxborot olish uchun soʼrovlarni qabul qilish tartibi

Sirdaryo viloyati hokimligi faoliyati toʼgʼrisidagi axborotni olish uchun soʼrovlarni qabul qilish, roʼyxatdan oʼtkazish va qayta ishlash tartibi toʼgʼrisidagi

YOʼRIQNOMА

Mazkur Yoʼriqnoma Oʼzbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʼgʼrisida»gi Qonuniga hamda Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 6 noyabrdagi 320-son «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirishga yoʼnaltirilgan kompleks chora-tadbirlar koʼrish toʼgʼrisida»gi qaroriga muvofiq, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) faoliyati toʼgʼrisidagi axborotni olish uchun soʼrovlarni qabul qilish, roʼyxatdan oʼtkazish va qayta ishlash tartibini belgilaydi.

1-bob. Umumiy qoidalar

Davlat organlarining faoliyati toʼgʼrisida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchi hisoblanadi.
Davlat organlarining faoliyati toʼgʼrisida axborot olishga doir soʼrov (bundan buyon matnda soʼrov deb yuritiladi) axborotdan foydalanuvchining davlat organlari faoliyati toʼgʼrisida axborot taqdim etish haqida ushbu organlarga va (yoki) ularning mansabdor shaxslariga yoʼllanadigan ogʼzaki yoki yozma shakldagi (shu jumladan, elektron hujjat shaklidagi) talabidir.
Axborotdan foydalanuvchi davlat organlariga ularning faoliyati toʼgʼrisida axborot olish uchun bevosita yoxud oʼz vakillari orqali soʼrov bilan murojaat etish huquqiga ega.
Soʼrovlar «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasida koʼrsatilgan talablarga muvofiq rasmiylashtirilishi kerak.
Yozma soʼrovda murojaat etuvchining elektron manzili koʼrsatilishi mumkin. Yozma soʼrovda elektron manzilning koʼrsatilganligi murojaat etuvchining soʼrovga axborot tizimi orqali elektron shaklda javob olishga boʼlgan roziligidir.
Soʼrovlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.
Quyidagilar soʼrov hisoblanmaydi:

jismoniy va yuridik shaxslarning ariza, shikoyat hamda takliflari;

taqdim etilishining oʼziga xos xususiyatlari boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, davlat organlarining faoliyatiga taalluqli boʼlgan axborotning ayrim turlari;

davlat organining boshqa organlarga ularning faoliyati toʼgʼrisidagi axborotni olishga doir soʼrovlari.

Axborotdan foydalanuvchi tomonidan soʼralgan axborot qonunda belgilangan tartibda davlat sirlari yoki qonun bilan qoʼriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar jumlasiga kiritilgan boʼlsa, soʼrovda koʼrsatilgan axborotni taqdim etish rad etiladi va axborotdan foydalanuvchiga asoslantirilgan javob yuboriladi.

2-bob. Soʼrovlarni qabul qilish

Axborotdan foydalanuvchi Sirdaryo viloyati hokimligiga ogʼzaki yoki yozma shaklda yoxud elektron hujjat shaklida soʼrov bilan murojaat etishi mumkin. Bunda elektron hujjat shaklidagi soʼrovlar Sirdaryo viloyati hokimligining rasmiy veb-sayti, rasmiy elektron pochta manzili yoki Oʼzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi.
Soʼrovlarni qabul qilish va roʼyxatdan oʼtkazilishini taʼminlash Sirdaryo viloyati hokimining qarori bilan belgilangan soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodim tomonidan amalga oshiriladi.
Soʼrov pochta orqali kelib tushganda, soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodim tomonidan konvertda soʼrov mavjudligi tekshiriladi.

Konvertda soʼrovning yoki soʼrovda koʼrsatilgan ilovalarning mavjud emasligi aniqlanganda, soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodim tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ulardan biri (soʼrov va u yuborilgan konvert bilan birga) soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodimda qoladi, ikkinchisi kuzatuv xatiga ilova qilingan holda konvertda koʼrsatilgan manzil boʼyicha yuboriladi.

Elektron hujjat shaklida soʼrov tushgan kunida qogʼozga bosib chiqarilishi, ish vaqti tamom boʼlgandan keyin tushgan taqdirda esa - navbatdagi ish kunida qogʼozga bosib chiqarilishi kerak.
Axborotdan foydalanuvchini identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan maʼlumotlar koʼrsatilmagan soʼrov anonim hisoblanadi va koʼrib chiqilmaydi.
Soʼrov anonim deb eʼtirof etilganda, bu haqda ijrochi (yoki ijrochilar) tomonidan xulosa tuziladi. Xulosada soʼrovni anonim deb eʼtirof etish uchun asoslar koʼrsatiladi. Soʼrovni anonim deb eʼtirof etish toʼgʼrisidagi xulosa soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodim tomonidan tasdiqlanadi hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan ijrodan olinadi.
Avvalgi soʼrovlar boʼyicha yuborilgan javobdan norozilik bildirilgan, shuningdek agar takroriy soʼrov kelib tushgan paytda koʼrib chiqishning qonun hujjatlarida belgilangan muddati tugagan boʼlsa, avvalgi soʼrov oʼz vaqtida koʼrib chiqilmaganligi haqida xabar qilingan, aynan bir axborotdan foydalanuvchidan kelib tushgan soʼrov takroriy deb hisoblanadi.

Takroriy soʼrovga u kelib tushgandan soʼng navbatdagi roʼyxat indeksi berilib, soʼrovlarni roʼyxatga olish jurnalida yoki elektron hujjat aylanish tizimida «takroriy» deb qayd etiladi.

Aynan bir axborotdan foydalanuvchining soʼrovi nusxasi soʼrov dublikati hisoblanadi. Sirdaryo viloyati hokimligiga soʼrov dublikati (nusxasi) kelib tushgan hollarda, ushbu soʼrovga alohida tartib raqami berilmasdan, birinchi marta roʼyxatga olingan soʼrovning tartib raqami va undan soʼng bosh harfda «/D» belgisi hamda soʼrov kelib tushgan sana bilan qayd etiladi (masalan, soʼrov birinchi marta 2016 yil 10 martda 10-1-25 bilan roʼyxatga olingan boʼlib, soʼrov dublikati ham kelib tushganda, «2016 yil 10 mart, 10-1-25/D» kabi roʼyxatga olinadi).

3-bob. Soʼrovlarni roʼyxatdan oʼtkazish

Soʼrov Sirdaryo viloyati hokimligiga kelib tushgandan soʼng, u soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodim tomonidan soʼrovlarni roʼyxatga olish jurnaliga yoki elektron hujjat aylanish tizimiga qayd etiladi.
Soʼrovlarni roʼyxatga olish jurnali yoki elektron hujjat aylanish tizimida soʼrov qabul qilingan sana, soʼrovning tartib raqami, soʼrov bilan murojaat qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, yashash joyi (yuridik shaxslar uchun - yuridik shaxsning toʼliq firma nomi, uning joylashgan eri (pochta manzili) toʼgʼrisidagi maʼlumotlar, soʼrovning qisqacha mohiyati, agar soʼrov dublikat yoki takroriy boʼlsa, uning dublikat yoki takroriyligi hamda soʼrov ijrosi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar koʼrsatiladi.
Axborotdan foydalanuvchi oʼz soʼrovini u koʼrib chiqilgunga qadar va koʼrib chiqilayotgan vaqtda ariza berish orqali qaytarib olish huquqiga ega.

4-bob. Soʼrovlarni qayta ishlash

Qabul qilingan va roʼyxatga olingan soʼrovlar bir ish kuni ichida Sirdaryo viloyati hokimi yoki uning oʼrinbosariga rezolyutsiya (soʼrovni ijro etish boʼyicha koʼrsatma) qoʼyish uchun kiritiladi.
Rezolyutsiyada soʼrovni ijro etish uchun masʼul etib belgilangan tarkibiy boʼlinma(lar) rahbarining familiyasi, topshiriq mazmuni aks ettiriladi hamda davlat organi rahbari yoki uning oʼrinbosari tomonidan imzolanadi va sana qoʼyiladi.
Rezolyutsiya yozilganidan soʼng, soʼrov soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodim tomonidan soʼrovni ijro etish uchun masʼul etib belgilangan tarkibiy boʼlinma xodimiga imzo qoʼydirgan holda topshiriladi.
Soʼrovlar «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasida belgilangan tartibda va muddatlarda koʼrib chiqiladi.
Soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodim muntazam ravishda Sirdaryo viloyati hokimligida soʼrovlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, shuningdek,Sirdaryo viloyati hokimligi faoliyati toʼgʼrisida muntazam soʼraluvchi axborotni nashr etish hamda boshqa muhim masalalar boʼyicha takliflar tayyorlash maqsadida soʼrovlarni umumlashtirish, ularni mazmunan birlashtirish va boshqa shakllarda qayta ishlashni amalga oshiradi.

5-bob. Ogʼzaki soʼrovlarni qabul qilishni tashkillashtirish

Sirdaryo viloyati hokimi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida belgilangan kunlar va soatlarda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi.
Sirdaryo viloyati hokimligida axborotdan foydalanuvchilarni qabul qilish uchun moʼljallangan alohida xona ajratilishi mumkin.
Axborotdan foydalanuvchi ogʼzaki murojaat etayotganda, Sirdaryo viloyati hokimligi masʼul xodimiga oʼzining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini, yuridik shaxsning vakili esa oʼzining shaxsini va vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlarini koʼrsatishi kerak. Bunday hujjatlarni koʼrsatmagan axborotdan foydalanuvchilar qabul qilinmaydi.
Ogʼzaki soʼrov bilan murojaat qilgan axborotdan foydalanuvchini qabul qilish soʼrov mohiyatidan kelib chiqib, tegishli boʼlinma rahbari hamda soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma xodimi yoki masʼul xodim ishtirokida amalga oshiriladi.

Agarda ogʼzaki soʼrov bilan murojaat etgan axborotdan foydalanuvchini qabul qilish vaqtida ushbu soʼrovni koʼrib chiqish Sirdaryo viloyati hokimligining vakolat doirasiga kirmasligi aniqlansa, unga soʼralayotgan axborotni olish boʼyicha soʼrov bilan qaysi davlat organiga murojaat etishi mumkinligi tushuntiriladi va bu haqda soʼrovlarni roʼyxatga olish jurnaliga yoki elektron hujjat aylanish tizimiga qayd etiladi.

Axborotdan foydalanuvchilarning ogʼzaki soʼrovlari Sirdaryo viloyati hokimligining «ishonch telefoni» orqali qabul qilinishi mumkin. Bunda soʼrovlar mazkur Yoʼriqnomada belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Ogʼzaki soʼrovga, imkoniyatga qarab darhol javob berilishi kerak.

6-bob. Soʼrovlarning koʼrib chiqilishini monitoring qilish

Soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodim soʼrovlarni ijro etish uchun masʼul etib belgilangan tarkibiy boʼlinmalar tomonidan soʼrovlar koʼrib chiqilishini doimiy monitoring qiladi, zarur hollarda, soʼrovlarning oʼz vaqtida koʼrib chiqilishini taʼminlash choralarini koʼradi.
Soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodim soʼrovlarni koʼrib chiqish muddatlari va tartibi soʼrovlarni ijro etish uchun masʼul etib belgilangan tarkibiy boʼlinmalar tomonidan buzilishi toʼgʼrisida Sirdaryo viloyati hokimini darhol xabardor qiladi.
Soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodim monitoring natijalari boʼyicha har oyda Sirdaryo viloyati hokimiga soʼrovlar koʼrib chiqilishining holati toʼgʼrisidagi axborotni, zarurat boʼlganda, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʼgʼrisidagi qonun hujjatlari buzilishiga yoʼl qoʼygan xodimlarga nisbatan javobgarlik choralarini koʼrish yuzasidan tegishli takliflar bilan birgalikda taqdim etadi.
Soʼrovlar bilan ishlovchi tarkibiy boʼlinma yoki masʼul xodim soʼrovlarni umumlashtirib, tahlil qilib boradi.

Zarur hollarda, tahlil natijalari boʼyicha Sirdaryo viloyati hokimiga davlat organida soʼrovlar bilan ishlash tizimini va tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan, shuningdek axborotdan foydalanuvchilar tomonidan davlat organi faoliyati toʼgʼrisida muntazam soʼraluvchi axborotni nashr etish hamda boshqa muhim masalalar boʼyicha takliflar kiritadi.

7-bob. Yakuniy qoidalar

Mazkur Yoʼriqnoma talablarining buzilishida aybdor boʼlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʼladi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish