Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Viloyat hokimining navbatdagi sayyor qabuli Boyovut tumani Paxtakor mahallasida bo‘lib o‘tdi

Ayni kunda tuman imkoniyatlaridan kelib chiqib, Prezidentimiz tashabbusi bilan amaliyotga tatbiq etilgan "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" mezonlari asosida Paxtakor mahallasi infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborilgan.

Bugun viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev ishtirokida bu yerda sayyor qabul o‘tkazildi. Qabul davomida dastlab mahallada amalga oshiriladigan qurilish-obodonlashtirish ishlari muhokama qilindi, faollarning fikrlari eshitildi.

Taʼkidlash o‘rinliki, ikki mingdan ziyodroq aholi istiqomat qilayotgan Paxtakor mahallasi tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir aholi punktlari toifasiga kiritilgan. Tuman ishchi guruhi o‘rganishlari davomida hududda bir qator muammolar aniqlangan va ularing yechimi yuzasidan "yo‘l xaritasi" ishlab chiqilgan.

Jumladan, mahallaga kirish yo‘lining 1 kilometri asfaltlanishi kerak. “Gunafsha”, “Daha”, “Yog‘du” va “Guldasta” ko‘chalariga shag‘al yotqizish talab etiladi. Elektr taʼminotida ham kamchiliklar yetarlicha. 80 ta eski simyog‘ochlarni temir beton ustunlarga almashtirish, mavjud 3 ta transformatorni taʼmirlash va 2 ta yangisini o‘rnatish, shuningdek, 6 kilometrlik yangi tarmoq tortish zarur. Mahallaga yo‘naltirilgan tuproq o‘zanli ariqning 2,7 kilometrini betonlashtirish talab etiladi. Bu esa aholining oqar suv bilan bog‘liq uzoq yillik muammosiga yechim bo‘ladi.

– Infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hokimlik va tegishli tashkilotlar bajaradi, buning uchun mablag‘ ham ajratamiz, - dedi viloyat hokimi. – Lekin faqatgina shu bilan hudud obod bo‘lib qolmaydi. Aksariyat tomorqalardan foydalanilmagan, qarovsiz holatda. Vaholanki, tomorqa qishloq odamlarining asosiy daromad manbai. Mahalla ahli uyg‘onishi zarur. Kerak bo‘lsa, har bir oilaga kirib, ularni yaxshi yashashga, buning uchun harakat qilish, yerdan bir necha marta hosil olish, shu orqali daromad qilishga o‘rgatishimiz lozim.

Qabulda 4 ta fuqaroning tibbiy yordam va jarrohlik amaliyotlari bilan bog‘liq murojaati ijobiy yechim topdi. Shuningdek, tomorqalarni sug‘orish uchun qo‘shimcha artezian qazish, mobil aloqa sifatini yaxshilash maqsadida antenna o‘rnatish, 2,8 kilometr masofaga optik tolali aloqa tarmog‘i tortish bo‘yicha mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish