Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Viloyat hokimi betonlash ishlari sust olib borilayotgan irrigatsiya obyektlarini o‘rgandi

Iqtisodiyotni qishloq xo‘jaligisiz, qishloq xo‘jaligini esa suvsiz tasavvur qilish qiyin. Shu boisdan 2023-yilning 29-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishi, bunda birinchi muhim vazifa – kanal va ariqlarni betonlash ekanligi aytilgandi.

Shundan kelib chiqib, viloyatdagi 9 ta irrigatsiya obyekti, shuningdek, fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar tasarrufidagi 900 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarida betonlashtirish ishlariga kirishildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, amalga oshirilayotgan mazkur ishlar natijasida viloyatimiz bo‘yicha yiliga 85 million kub-metr suv iqtisod qilinib, qariyb 24 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining suv taʼminoti yaxshilanishiga, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan maydonlar kamayishiga, sizot suvlar sathi yer yuzasiga yaqin joylashgan maydonlar qisqarishiga, meliorativ holati yomon bo‘lgan yer maydonlarining holatini barqaror saqlashga erishiladi.

Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida ham ko‘p suv yo‘qotiladigan kanallarni betonlashtirish ishlari va bu borada yo‘l qo‘yilgan qator kamchiliklarga to‘xtalib o‘tildi.

Bugun viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev boshchiligidagi ishchi guruh Investitsiya dasturiga kiritilgan va betonlashtirilayotgan irrigatsiya obyektlarini o‘rgandi.

Jumladan, Boyovut tumanidagi «PR-4» o‘ng tarmoq kanalining 5,6 kilometrini beton qoplamaga o‘tkazish nazarda tutilgan bo‘lsa, shundan ayni vaqtga qadar 1,26 kilometr qismi, Guliston tumanidagi "K-8" kanalining 8 kilometrdan 5,1 kilometr qismi, Sirdaryo tumanidagi “Malik” kanalining 13 kilometrdan 8 kilometr qismi betonlashtirilgan.

O‘rganishlar davomida bir qator omillar va soha mutasaddilarining masʼuliyatsizligi tufayli ushbu obyektlarda betonlash ishlari belgilangan grafikdan ortda qolishi ehtimoli mavjudligi maʼlum bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida bahorgi dala ishlariga ham salbiy taʼsirini ko‘rsatmay qolmaydi. Ushbu jihatlar inobatga olinib, viloyat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi uchun masʼuliyatni, intizom va nazoratni kuchaytirish talabi qo‘yildi. Shuningdek, bu borada aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish