Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryolik tadbirkorlar Qonliko‘l tumanining biznes muhiti bilan tanishtirildi

Bugun Guliston shahridagi "Tadbirkorlar va hunarmandlar" markazida viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi Baxram Sultanovlar ishtirokida tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unga tuman va shahar hokimlarining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, viloyat tijorat banklari rahbarlari, yirik va o‘rta biznes vakillari taklif etildi.

Uchrashuv avvalida Akmaljon Maxmudaliyev Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotini ko‘tarishga qaratayotgan eʼtibori, viloyatimizga biriktirilgan Qonliko‘l tumanida aholi turmush darajasini oshirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash maqsadida amalga oshirilgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Tuman hokimi Baxram Sultanov hududning bugungi kundagi ijtimoiy-iqtisodiy holati, bo‘sh turgan davlat obyektlari, foydalanilmay kelayotgan yer maydonlari, kredit va soliq imtiyozlari, preferensiyalar haqida maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘istonda biznes yuritish uchun boshqa hech bir hududga berilmagan imtiyozlar taqdim etilgan. Xususan, jozibador ishbilarmonlik muhiti va hudud aholisiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida foyda, aylanmadan soliq, yer va mol-mulk soliqlari 2 baravar pasaytirildi, ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilandi.

Bu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida so‘nggi ikki yilda sanoat, qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga doir 7 ta farmon va qaror qabul qilindi. Bu maqsadlar uchun 400 million AQSH dollari va 250 milliard so‘m ajratildi.

Baxram Sultanov so‘zi yakunida sirdaryolik tadbirkorlarni Qonliko‘lda yangi investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishga chaqirdi.

Yaqin kunlarda ushbu tumanga tadbirkorlardan iborat viloyatimiz vakillarining safarini tashkil qilishga kelishib olindi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish