Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Yoshlar “armiya”ga bordi

Vatanparvarlik oyligi doirasida Sirdaryo tumanidagi harbiy qismda 50 nafar alohida eʼtibordagi yosh 5 kunlik o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga jalb etildi.

Egniga harbiy kiyim kiygan bu yoshlar uchun harbiy, maʼnaviy va maʼrifiy, psixologik darslar hamda turli xil tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Har tong yoshlarni chiniqtirishdan boshlanib, ertalabki badan tarbiya mashqlari, sport musobaqalari  ularni birdamlikka chorladi.

Qurol va aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etilib, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan xizmat faoliyati hamda xizmatda foydalanilayotgan zaruriy jihozlar haqida tushunchalar berildi. Favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish hamda maʼnaviy va huquqiy, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan suhbatlar tashkil etildi.

Tuman hokimi Botirjon Mirzaqulov, sektor rahbarlari hamda yoshlar ishtirokida “Gulxan atrofidagi yoshlar” loyihasi doirasidagi madaniy tadbirda yoshlar bilan birgalikda askar qo‘shiqlari jonli ijro etildi.  

– Harbiy xizmatni bunaqa tasavvur qilmagan edim. Men endi bir yillik harbiy xizmatga bormoqchiman, – deydi o‘quv-yig‘inda ishtirok etayotgan Diyorbek Aʼzamov.

O‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari davomida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga sayohat tashkil etildi. U yerda  yoshlar harbiy xizmatchilar va kursantlar bilan bevosita muloqotga kirishib, akademiyada yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv sinflari va harbiy texnikalar bilan yaqindan tanishdi.

O‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari samarasida 22 nafar yosh muddatli harbiy xizmatga borish, 6 nafari ishga joylashish, 5 nafari kasb-hunar egallash istagini bildirdi.  

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish