Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Viloyatimizning chinakam maʼnaviyat o‘chog‘iga aylangan "Yangi Sirdaryo" gazetasi 60 yoshda

Yillar va davrlar silsilasida, turfa ijodkorlar nigohida charxlangan qalami, o‘tlig‘ so‘zlari bilan obro‘ va eʼtibor qozonib kelayotgan “Yangi Sirdaryo” gazetasining dunyo yuzini ko‘rganiga 60 yil to‘ldi. 1964 yilning 1 iyun kuni gazetaning birinchi soni “Sirdaryo haqiqati” nomi bilan chop etilgan.

O‘zbek va rus tillarida chiqqan gazetada Mirzacho‘lning o‘zlashtirilishi, cho‘lquvarlar ko‘rsatgan jasorat, ular yaratgan gulistonlar o‘z aksini topgan bo‘lsa, ayni damda bugungi kun harorati va masʼuliyatini to‘la namoyon etib, davlat va xalq o‘rtasida muhtasham ko‘prik vazifasini bajarib kelayotgan gazeta vohamiz hayotidagi izchil islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlarni xolis, ochiq va haqqoniy mezonlar asosida yoritib kelmoqda.

Sana munosabati bilan viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev tahririyatga tashrif buyurdi. Jamoa va unda faoliyat yuritgan barcha jurnalistlarni samimiy tabriklab, “Yangi Sirdaryo”, “Novaya Sirdarya” gazetalarining voha miqyosida o‘ziga yarasha munosib obro‘si borligi, ortda qolgan yillar davomida sahifalarida hududlardagi turli jabhalarda kechayotgan qizg‘in mehnat jarayoni, amalga oshirilayotgan islohotlar, fidoyi insonlar hayoti yoritib borilayotganligi, shuningdek, gazetalarning mavqei kelgusida yana yuksalishida kamarbasta bo‘lishga tayyor ekanligini taʼkidladi.

Gazeta bugungi shiddatli davrda amalga oshirilayotgan islohotlar, jamiyat hayotidagi yangilanish va o‘zgarishlar yuzasidan o‘z so‘zini aytish barobarida, mamlakat va viloyat miqyosida eʼlon qilinayotgan muhim qaror va farmoyishlar, xalqimiz hayoti va taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan ezgu chora-tadbirlarning amaliy aks-sadosini berib boraveradi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish