Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Akmaljon Maxmudaliyev: “Kelinglar, farzandlarimiz kamoli yo‘lida birlashaylik!”
Shu yilning 20 yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda mamlakatimizda 11 yil taʼlim muassasasida o‘qigan bola chet tilini mukammal bilmasligi, sharoit va mutaxassislarning yo‘qligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish haminqadarligi haqida kuyinib gapirgan edilar. Xulosa esa qatʼiy bo‘lgandi: maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotgani afsus bilan ochiqlangandi. «Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug‘i, bilmagani muammo», degandi o‘sha yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev.

Bu katta muammoni yechish uchun butun jamiyat – rahbarlar, ustozlar, ota-onalar, tadbirkorlar, keng jamoatchilik qo‘lni qo‘lga berib harakatga tushdi. Guliston shahridagi 16-umumiy o‘rta taʼlim maktabida 4 ta sektor rahbarlari ishtirokida xorijiy tillar va kasb o‘rgatish masalalariga bag‘ishlangan Sirdaryo viloyati ota-onalarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Videoselektor formatida o‘tgan mashvarat shahar va tumanlardagi 44 ta kichik studiyalarga bog‘landi.

Anjuman avvalida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev maktabda tashkil etilgan kasb-hunarga tayyorlash markazi xonalarini ko‘zdan kechirdi. Prezidentimizning topshiriqlariga binoan har bir tuman va shaharlardagi 3 tadan umumtaʼlim maktablarida ana shunday markazlar barpo etish ko‘zda tutilgan. 16-umumiy o‘rta taʼlim maktabida tashkil etilgan kasb-hunarga tayyorlash markazi uchun 5 ta xona ajratilibdi. Unda yuqori sinf o‘quvchilariga 16 ta kasb bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalar berilarkan.

Katta zalga bo‘ylashimiz bilan ishchi korjomalari kiygan o‘g‘il bolalarning turli temir va yog‘ochlarga ishlov berayotgani ustidan chiqdik. Texnologiya o‘qituvchisi Bobur Maʼmirovning shahodat berishicha, ushbu xonada o‘g‘il bolalar chilangarlik, duradgorlik, payvandchilik va santexniklik kasblarini o‘zlashtirishga kirishibdi.

Boshqa bir xonada esa qizlar pazandalik sirlarini o‘rganishmoqda. Ular allaqachon turli shirinliklar va pishiriqlar tayyorlashning hadisini olishibdi. Texnologiya muallimasi Ziyoda Sarimsoqovaning gaplariga qaraganda maktabning pazanda qizlari bilan tadbirkor Barchinoy Usmonova shartnoma imzolashga kelishib olishibdi. Tadbirkor ayol qizlarga masalliqni yetkazib berarkan. Qizlar esa tadbirkor ixtiyoridagi “Sevinch” MTTga pishiriqlar tayyorlashni zimmasiga olarkan. Boz ustiga, tayyorlagan mahsulotlariga yarasha maosh ham berarkan.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev Sirdaryo viloyati ota-onalar yig‘ilishini ocharkan, anjumanni erkin muloqot tarzda o‘tkazishni taklif qildi. Notiq kirish so‘zida farzand tarbiyasida ota-onaning roli beqiyos ekanligini alohida taʼkidladi. Afsus-nadomatlar bo‘lsinki, jamiyatimizda butun masʼuliyatni o‘qituvchilarga yuklab qo‘ygan ota-onalar anchagina topiladi. Vaholanki, tarbiya oiladan boshlanadi. Bas, shunday ekan, farzandlarimizga mehr beraylik. Ana shunda farzandlarimiz kamolini ko‘rib quvonamiz.

- Iqtidorsiz bolaning o‘zi bo‘lmaydi, - deya so‘zini davom ettirdi notiq. – Biroq ulardagi qiziqish va salohiyatni vaqtida payqab, kerakli yo‘nalish bersakkina maqsadga erishamiz. Davlatimiz rahbari maktabni bitirayotgan o‘g‘il-qizlar 2 ta til va bitta hunarni puxta o‘rganishlariga sharoit yaratishimizni uqtirdilar. Maktablar qoshida ochiladigan kasb-hunarga o‘rgatish markazlarini risoladagidek jihozlanishiga Bandlikka ko‘maklashish markazlari yaqindan yordam beradi. Hozir biz keksa pedagoglar, faxriylar, ota-onalarni jalb etib Jamoatchilik kengashi tuzayapmiz. Ushbu tuzilma butun viloyatimiz maktablarini aylanib chiqadi. Kerakli maslahatlar beradi.

Yig‘ilish pirovardida Akmaljon Maxmudaliyev qatnashchilarga qarata: “Kelinglar, farzandlarimiz kamoli yo‘lida birlashaylik!” deya murojaat qildi.

So‘ngra ochiq fikr olishuv boshlandi.

- Men 16-umumtaʼlim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Farangiz Ergashevaning onasiman, - deya so‘z boshladi zaldan turib fikr bildirgan ona. – Taklifim, tadbirkorlar ishlab chiqarishni maktablarga ham kiritsalar. Farzandlarimizning o‘zlari tanlagan kasb-korni chuqurroq o‘zlashtirishlariga zamin yaratilardi.

Bu taklif Akmaljon Maxmudaliyevga maʼqul keldi. Viloyatda tashkil topgan yengil sanoat klasterlarida darsdan keyin yuqori sinf o‘quvchilarining ishlashlariga shart-sharoitlar yaratib berilishini ochiqladi. “Ham o‘qib, ham daromad topsin”, dedi.

Tadbirkorlar Barchinoy Usmonova va Gulchehra Jonjigitovalar maktablar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

- Yangiyerda mebel sexini ishga tushirmoqchimiz. Bu haqda shahar hokimi bilan kelishib oldik. O‘zimiz o‘qitamiz, o‘zimiz o‘rgatamiz, hatto o‘zimiz maosh beramiz, - dedi GJonjigitova.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi “tadbirkor-maktab” hamkorligini qatʼiy yo‘lga qo‘yish darkorligini, joylarda foydalanilmay yotgan birorta bo‘sh bino qolmasligini alohida urg‘uladi.

Yangiyer shahridan muloqotga qo‘shilgan 2 nafar maktab o‘quvchisi - biri yengil mashinalar o‘rindiqlariga g‘iloflar tikib, ikkinchsi qandolat mahsulotlari tayyorlab halitdan ishlab daromad topayotganlarini yig‘ilish qatnashchilariga so‘zlab berdilar. Tayyorlagan mahsulotlarini ko‘z-ko‘z qildilar. Akmaljon Maxmudaliyev shahar hokimiga bu yoshlarning tajribasini ommalashtirishni, kerak bo‘lsa, kredit va subsidiyalar ajratishni yukladi. “Yangiyer shahriga tashrif buyursam, albatta, siz, ikki yoshning uyingizga borib, xayrli ishlaringiz bilan tanishman!” deya vaʼda berdi.

Sirdaryo viloyati ota-onalar yig‘ilishida Akmaljon Maxmudaliyev ilm va sport yo‘nalishida katta yutuqlarga erishgan bir guruh yoshlar va ularning ota-onalariga viloyat hokimligining “Tashakkurnoma”lari va qimmatbaho esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdi.

Anjuman 16-umumiy o‘rta taʼlim maktabida tashkil etilgan kasb-hunarga o‘rgatish markazining ko‘rgazmali taqdimoti bilan adog‘iga yetdi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning “Hozir tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilarni shu masala qiynayapti: bo‘sh ish joyi ko‘p, oyligi ham yaxshi, lekin uquvi va ko‘nikmasi bor ishchi yo‘q. Agar bu tizim to‘g‘ri tashkil qilinsa, bizdagi demografik o‘sish bilan katta natijalarga erishsa bo‘ladi”, degan so‘zlari bot-bot takrorlandi. Shu bois, bu jiddiy muammoni yechishga butun jamiyat safarbar etilmoqda. Zero, bu eng to‘g‘ri va maqbul yo‘ldir.

Muhammadali AHMAD ("Yangi Sirdaryo" gazetasi).

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish