Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Mirzaobodda yuqori texnologik operatsiyalar yo‘lga qo‘yildi
Poytaxt va viloyat markaziy tibbiyot muassasalarida bo‘lgani kabi ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari endilikda chekka va olis hududlarda ham o‘tkazilmoqda. Bu esa ushbu turdagi xizmatlarga muhtoj, ammo viloyat markaziga borishga imkoni yo‘q, ijtimoiy himoya umidida turgan bemorlar uchun ko‘makdir.  

Mirzaobod tumanida ishga tushirilgan tuman tibbiyot birlashmasining 20 o‘rinli xirurgiya, 6 o‘rinli anesteziologiya-reanimatologiya hamda 6 o‘rinli intensiv terapiya bo‘limi, ushbu xizmat turiga muhtoj fuqarolar va ularning yaqinlari uchun kutilmagan tuhfa bo‘ldi.

— Oldinlari tuman aholisi ixtisoslashtirilgan xizmat turi, jarrohlik amaliyoti uchun viloyat markazi, Guliston shahridagi viloyat davolash muassasalariga borgan bo‘lsa, endilikda bunga hojat qolmadi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori  O‘ktam Omonboyev. —  Eng muhimi, bemorlar salomatligi bilan bog‘liq tekshiruvlar, bajarilayotgan jarrohlik amaliyotlari bepul, xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan kafolatlangan paket doirasida qoplab berilmoqda.

Mazkur ishni tashkil etish uchun davlat byudjetidan 4 milliard 112 million 196 ming so‘m miqdorida pul mablag‘i yo‘naltirildi.

— Yangidan ish boshlagan xirurgiya, anesteziologiya-reanimatologiya hamda intensiv terapiya bo‘limida 12 nafar fuqaro davo muolajalarini olgan bo‘lsa, 8 fuqaroning ikki nafarida yuqori texnologik, olti nafarida kichik turdagi jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasining xirurgiya bo‘limi boshlig‘i Zokir Rasulov. — Ayni vaqtda bemorlar salomatligi yaxshi. Barcha davo muolajalari belgilangan standartlar asosida o‘tkazildi. Bundan nafaqat bemorlar, ularning yaqinlari ham xursand bo‘ldi.

— Tanadagi bezovtalik, qorindagi og‘riq sabab Gulistonga emas, o‘zimizda ish boshlagan xirurgiya bo‘limiga murojaat etgandim, - deydi Mirzaobod tumani “Navbahor” mahallasida yashovchi Sohiba Usmonova. — Shifokorlar tekshirib, qorin oldi churrasi bilan bog‘liq muammo borligini aytdi. Oldiniga biroz qo‘rqdim. Chunki, buning davosi jarrohlik amaliyoti deyishgan. Amaliyot muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozir ancha yaxshiman.  

Mazkur bo‘limda 50 nafar oliy va o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat olib bormoqda. Xonalar yorug‘ va shinam. Bemorlar davolanishi, tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi uchun zarur tibbiy jihozlar bor.

Tuman tibbiyot birlashmasi xirurgiya bo‘limi shifokorlari viloyat miqyosida bajarilayotgan murakkab, yuqori texnologik operatsiyalarni tumanda ham yo‘lga qo‘ymoqchi.  

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish