Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sardobada aholi muammolari bilan ishlash sohasida yangi tizimga o‘tilmoqda
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq aholini qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida joriy qilingan tajriba misolida Sardoba tumanida aholi bilan muloqotning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Kuni kecha tuman hokimligida respublika, viloyat hamda tuman ishchi guruhi aʼzolari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda dastlab, bugungi kunga qadar viloyat va tuman rahbarlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan 4 ta sektor kesimida ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir bo‘lgan mahallalaridagi muammolarni xonadonma-xonadon yurib o‘rganish va ularni joyida hal qilishga qaratilgan ishlar tahliliga eʼtibor qaratildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar uyma-uy yurish orqali tumandagi mavjud 9 938 ta xonadon to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.

Xatlov jarayonida aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Halqobod mahallasidagi 860 metr ichki yo‘llari hamda Zomin mahallasi Kelajak ko‘chasining 650 metr qism shag‘allashtirildi. Birlik mahallasi Istiqlol ko‘chasida 1 dona yangi transformator o‘rnatildi.

Zomin mahallasi hududida nosoz holatdagi ichimlik suv quvurlari taʼmirlandi. Quyitosh mahallasidagi 6-sonli umumtaʼlim maktabi hamda 1-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida suv quvurlari yotqizildi. Xalqobod mahallasida joylashgan 8 ta ko‘p qavatli uylarning piyodalar yo‘lagiga tosh-shag‘al aralashmasi to‘kilib, aholining qulay harakatlanishi uchun sharoit yaratildi.  

Fayzliobod mahallasi Sanoat ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar atrofi obodonlashtirilib, to‘planib qolgan 70 tonnadan ziyod, Zomin mahallasi Boychechak, Bobur, Semurg‘, Mexmonnavoz, A.Temur ko‘chalarida 5 tonnaga yaqin chiqindi olib chiqib ketildi.

Shuningdek, 5 ta mahalla, yaʼni Birlik, Zomin, Otayurt, Ravot va Yangiqishloq mahallalarida aholini suyultirilgan gaz balloni bilan uzluksiz taʼminlash oralig‘i 40-45 kundan 30 kunga tushirildi. Tuman bo‘yicha aholiga qo‘shimcha jami 66 tonna ko‘mir mahsuloti tarqatildi.

Yangiqishloq va Ravot mahallasidagi uy-joyi taʼmirga muhtoj, o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan 4 ta oilaning xonadoni to‘liq taʼmirlab berildi.

O‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar natijasida 185 nafar fuqaroda turli kasalliklar aniqlandi. Ularning 23 nafari shifoxonalarga yotqizildi, 27 nafariga bepul dori-darmon tarqatildi hamda 135 nafariga ambulator sharoitda davolanish tavsiya etildi.

Band bo‘lmagan aholini ish bilan taʼminlash maqsadida “Mehnat yarmarkasi” tashkil etildi. Unda qariyb 30 ga yaqin ish beruvchilar 2 500 ta ish o‘rini bilan ishtirok etdi. Yakunda 128 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi.

Seminar davomida aholi bilan muloqotning ushbu yangicha tizimi asosida ishchi guruh aʼzolariga o‘zlari biriktirilgan hududda ishlarni sifatli tashkil qilish, zarur bo‘ladigan mablag‘lar manbasini aniqlash va shu asosda zarur chora-tadbirlar ishlab chiqib amaliyotga tatbiq etish yuzasidan barcha kerakli tushuncha va ko‘rsatmalar berildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish