Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoning shonli 60 yilligi
Atoqli davlat va jamoat arbobi, akademik Oqil Umurzoqovich Salimov Mirzacho‘lni o‘zlashtirish tarixini tatqiq etgan tarix fanlari nomzodi, dosent Sobir Sheraliyevich Qurbonov bilan birgalikda, O‘zbekistonga chorak asr rahbar bo‘lgan, atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli yozuvchi va zabardast shoir, otashin publisist Sharof Rashidovich Rashidovning tashabbusi bilan 60 yil avval – 1963 yil 16-fevralda tashkil etilgan Sirdaryo viloyatini eslab, yaqinda yozgan maqolalarida, O‘zbekiston Xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning quyidagi so‘zlarini esga olishdi: 

 “Ehe, Sirdaryo bo‘ylarida nimalarni ko‘rmadik. Shunday zamonlar bo‘ldiki, paxta dalalariga sepilgan kimyoviy dorilarning hidlariga chiday olmasdan mashina oynalarini zich qilib bekitib olardik. Baribir, bir necha kun ko‘ngil aynib, boshimiz og‘rib yurardi. Shunday sharoitda kechani kecha, kunduzni kunduz demay dala-dashtda umrguzaronlik qilgan, yer ochgan, ter to‘kib paxta yetishtirgan bobolarimiz, momolarimizning qiyofalari ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi. Keyin aniq-tiniq ma’lum bo‘ldiki, ular o‘sha zamonning qarollari, batraklari bo‘lgan ekanlar. Mutelikning, chorasizlikning alamlarini, albatta, boshidan  kechirganlar yaxshiroq bilishadi. Ne-ne iste’dodli mutaxassislar, mohir tashkilotchilarning bilimlari, tajribalari shag‘alga aralashgan qimmatbaho  toshdek goho ko‘zga  tashlandi, goho tashlanmadi. Hozir bu joylar obod, yo‘llari toza va ravon. Eng muhimi, odamlarning ruhida mustaqillik shukuhi bor. O‘tganlarning nomlarini yod etish esa bisyor savobdir. Ayniqsa, el-yurt ishiga, ezgulikka hissa qo‘shganlarni xotirlash g‘oyat ibratli farzdir. Axir har qanday odam ham o‘zini kelajakda kimdir eslashini orzu qilib yuradi-ku!”…

Maqolada shunday so‘zlar bor:
“Ajoyib xalqimiz Prezidentimiz rahbarligida Yangi O‘zbekistonni qurmoqda va III Renessans asoslarini yaratmoqda. Shularni o‘ylar ekanmiz, ko‘z oldimizdan bu kunlarga yetganlar va yetmaganlar birma-bir o‘tadi…

Cho‘lquvarlarning  qahramonona ishlari natijasida yangi o‘zlashtirilgan yerlarda aholisi o‘sha vaqtda 1 milliondan ortiq bo‘lgan ikkita – Sirdaryo va Jizzax viloyatlari, 17 ta ma’muriy tuman  tuzildi. 300 mingtaga yaqin ish o‘rinlari  yaratildi. Tashkil etilgan agrosanoat majmualari har yili 800 ming tonnadan ortiq paxta xom ashyosi, 600 ming tonna  don, shu jumladan sholi, 160 ming tonna sabzavot, poliz, boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetkazib berar edilar.

Cho‘llarni o‘zlashtirish yangi hududlarda  shahar va qo‘rg‘onchalar, sanoat, qurilish, yo‘llar, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari, ijtimoiy soha  va madaniyatning jadal rivojlanishiga  olib keldi. Yuz minglab kishilar uchun mehnat va chiniqish, ma’naviy yuksalish, birodarlik, jamoaviylik, baynalminalchilik va vatanparvarlik maktabi bo‘ldi.

Mustaqillik davrida, ayniqsa keyingi 5-6 yil ichida xalqimizning aql-idroki va qahramonlarcha mehnati  bilan gulistonga aylantirilgan  Mirzacho‘lda hayot sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.  Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning rahbarligida  olib borilayotgan tub islohotlar natijasida Sirdaryo viloyati sanoatlashgan, obod va ko‘rkam o‘lkaga aylanmoqda.

Sirdaryoliklarning barchasiga sihat-salomatlik, baxt-saodat, Prezidentimiz boshchiligida va u kishi bilan birgalikda Yangi O‘zbekistonni qurish bo‘yicha olib borayotgan faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaymiz!”…

Ma’lumki bizning amakimiz, mashhur cho‘lquvar Abdulhay aka Toirov 1946-1952 yillarda Mirzacho‘l (hozir Guliston) tumaniga rahbarlik qilgan. Keyinchalik, u kishi Buxoro, Namangan viloyatlariga rahbar, “Mirzacho‘lqurilish” Bosh boshqarmasi boshlig‘i A.A.Sarkisovga o‘rinbosar, 1988 yilda vafot etgunicha – 25 yil davomida “O‘rtaosiyoirsovxozqurilish” Bosh boshqarmasi Qishloq xo‘jalik boshqarmasining boshlig‘i bo‘lib, faoliyat ko‘rsatganlar, o‘sha vaqtning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanganlar. Abdulhay aka “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan agronom” faxriy unvoniga sazovor bo‘lganlar… Abdulhay aka Mirzacho‘lda ishlagan paytlarini eslab, bir kun shunday hikoya qilgan edilar: “1947 yilda Sharof Rashidovich “Qizil O‘zbekiston”gazetasiga Bosh muharrir etib tayinlandilar. Men u vaqtda Mirzacho‘l tumanida rahbar edim. O‘sha yili boshlang‘ich tashkilotlarda hisobot yig‘ilishlari o‘tmoqda edi. Bir kun, yomg‘ir yog‘ib turibdi, oldimga Sharof Rashidovich kelib qoldilar. Markaziy Komitet topshirig‘i bilan, bir xo‘jalikda majlisda qatnashishlari kerak ekan. Men: “Sharof Rashidovich! Xo‘jalik uzoqda joylashgan. Havoni ko‘rib turibsiz. Yo‘llar yomon ahvolda, hammayoq balchiq, sirpanchiq. Bizning “Villis” yo‘lda loyga botib qolishi mumkin. Keling yaqindagi xo‘jaliklardan biriga boraylik”, -dedim. Sharof Rashidovich: “Men Markaziy Komitet belgilagan tashkilotga borishim kerak”, – deb, rozi bo‘lmadilar. Shunda MTSga qo‘ng‘iroq qilib, bir traktor chaqirdim va traktorchi bilan uchalamiz belgilangan xo‘jalikka borib qaytdik. Sharof Rashidovich hursand bo‘lib ketdilar”.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasi 100 yilligi nishonlanishi arafasida, bir maqola yozmoqchi bo‘lib, o‘sha voqea gazetada biror iz qoldirdimikan, deb, “Qizil O‘zbekiston” gazetasi jamlamalarini varaqlab chiqdim. Lekin hech narsa topaolmadim. Birdaniga qo‘limga gazetaning 1947 yil 15 dekabrdagi sonida Abdulhay akaning “Mirzacho‘lni paxta koniga aylantiramiz!” sarlavhali maqolasi chiqib qoldi. Gazetaning boshqa sonida esa, o‘sha paytda Qorasuv tumanidagi Maksim Gorkiy nomli jamoa xo‘jaligida rais bo‘lgan bizning otamiz Abdulhaq Toirov haqida maqola bor ekan. Bularni ko‘rib hursand bo‘lib ketdim…

Aytishlaricha, paxta mavsumi davrida Sh.R. Rashidov Sirdaryoga tashrif buyurganlarida, albatta yig‘ilish o‘tkazar ekanlar. U paytlar har bir tumanga rahbarlardan “upolnomochenniy” vakil biriktirish amaliyoti bo‘lgan. Shunday yig‘ilishlarning birida Sharof Rashidovich viloyat rahbaridan, kim qaysi tumanga biriktirilganligini so‘raydilar. Viloyat rahbari ba’zi vazirlar, vazir o‘rinbosarlari, viloyat partiya qo‘mitasi kotiblari va boshqalarning ro‘yxatini o‘qiydi va shunda “Voroshilov tumaniga Abdulhay aka Toirov biriktirilgan. Bugun viloyatga falonchi zamministr keldi. U kishini ham shu tumanga biriktiramiz”, – deydi. Sharof Rashidovich: “Abdulhay aka bor tumanga boshqa vakilni nima keragi bor. Zamministrni boshqa tumanga biriktiring”, – degan ekanlar. Shu tumanning o‘sha paytda rahbari bo‘lgan Tamara Muhsimova ko‘p yillar Abdulhay akadan minnatdor bo‘lib yurdilar. Bu bejiz emas. Zero, Davlat mukofoti laureati bo‘lgan, rahmatli  To‘xtamish Boymirov, aytishicha, O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidovich Abdulhay akani doim “paxtachilik xalq akademigi” deb siylar va bu boradagi maslahatlarini nihoyatda qadrlar ekan…

Shularni o‘ylar ekanmiz, viloyatning ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan Nosir Mahmudov, Yegemqul Tasanboyev, Inomjon Usmonxo‘jayev, Viktor Xaydurov, Qudrat Ahmedov, Botir Mahmudov,  O‘ktam Ismoilov, Shavkat Yo‘ldoshev, Abdulhay Toirov, ota va o‘g‘il Kretovlar, Bahtiyor Xusanboyev, Muhitdin Karimov, Kenebek Ukuboyev, Xudoyor Latipov, Sattor Usmonov, Tursun Umarov, Ehson Nizomov, O‘tbosar Abdiyev, Mahmud Abdurayimov, Zelimxon Haydarov, Izidor Kochmarik, Aziz To‘rayev, Akmal Po‘lat, Nu’mon Nasimov, Sharof Ubaydullayev, Shavkat Miralimov, Sobirjon Usmonov, Tursunboy To‘ychiyev, Qo‘ziboqar Sindorov, Hakim Jalilov, Ergash Xolmatov, Zokir Sanaqulov, Mamajon Dadajonov, Inobat Oxunova, Sobirjon Siddiqov, Murod O‘rolov, Egamberdi Botirov, Ne’mat Ernazarov, Ne’mat Isroilov, Quvondiq Abdurazzoqov, To‘lan Dadajonov,  Spatay Mintayev, Begim Serikov, Maxsuda Fozilova, Gʻanisher Yunusov, Lola Erbo‘tayeva, kabi bugungi kunda hayot va o‘tib ketgan ko‘plab  fidoiylar esimizga tushadi…

So‘nggi yillarda hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investisiyalarini jalb qilish, mamlakatimiz iqtisodiyotining ochiqligini ta’minlash va qulay investisiya muhitini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi Sirdaryo viloyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Bunda xorijiy davlatlarning biznes hamjamiyati va xalqaro tashkilotlarning hududlarda investisiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish uchun mavjud salohiyat va imkoniyatlar bilan tanishtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar muhim omil bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan bevosita investisiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi tizim yaratilgani tufayli, hududlarda investisiyaviy muhit tubdan o‘zgarib borayotir. Shu muhim omil tufayli, viloyatda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan xorijiy va mahalliy tadbirkorlar tobora ko‘paymoqda. Jumladan, Xitoy, Rossiya, Italiya, Janubiy Koreya, Belarus, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Eron va boshqa davlatlarning kompaniyalari vakillari bilan yurtimizga tashriflari chog‘ida turli sohalarga investisiya kiritish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. O‘z vaqtida viloyat delegasiyasi Xitoy, Italiya, Hindiston va Belarusda bo‘ldi va ko‘plab loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuv bitimlarini imzolashdi. Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida xorijiy hamkorlar ishtirokidagi ko‘plab korxonalar ishlayotir.

Viloyatda investorlar uchun jozibadorligini oshiruvchi ustuvor yo‘nalishlarning to‘rtta asosiy omillari mavjud. Bulardan biri qishloq xo‘jaligida innovasion yondashuvlarni ishga solish — paxtachilik klasteri, zamonaviy gidroponika issiqxonalari, intensiv bog‘lar, logistika markazlarini qurish, shuningdek, chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik klasterlarini tashkil qilish bo‘lsa, ikkinchisi, sanoat sohasi, shu jumladan, yengil sanoat, ipakchilik, oziq-ovqat, farmasevtika, kimyo sanoati va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantarishdan iboratdir. Turizm, ya’ni yangi mehmonxonalar, ko‘ngilochar markazlar va boshqa sayyohlik infratuzilmalarini rivojlantirish, texnoparklar hamda xorijning yetakchi oliy o‘quv yurtlari filiallarini tashkil qilish, xususiy tibbiyot, axborot-kommunikasiya texnologiyalari ham ana shu yo‘nalishlar sirasiga kiradi.

Bugungi erishilayotgan barcha muvaffaqiyatlar Mustaqillik, Prezidentimiz olib borayotgan dono ichki va tashqi siyosat natijasidir. Shu bilan birga bu muvaffaqiyatlarning tamal toshini Sirdaryoda fidoiylarcha mehnat qilib o‘tgan ota-bobolarimiz qo‘yganlarini biz hech qachon unutmaymiz…

Biz doim Sirdaryo viloyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari qanday amalga oshirilayotganligi bilan qiziqamiz, OAV tegishli ma’lumotlari bilan tanishib boramiz…

Ma’lumki, tadbirkorlar mamlakatimiz iqtisodiyoti va amalga oshirilayotgan islohotlarning tayanchiga aylandi. Buni joylarda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlarining aksariyati xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Yaqinda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda ham tadbirkor va eksportyorlarning mavjud muammolarini o‘rganish, ularni hal etish, takliflarini tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda sektor rahbarlari, mutasaddilar, xususan, mazkur sohaga bevosita aloqador tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. Qabul avvalida viloyat rahbari yurtimizda  Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi 3-4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, lisenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda ko‘plab yangi imkoniyat va sharoitlar yaratilgani, ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha mavjud cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning aksariyati olib tashlanganini  qayd etdi.

– Izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkorlarni doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Bugun ilk bor sizlar bilan yuzma-yuz uchrashib, biznes sohasidagi muammo va masalalar haqida batafsil gaplashib olishga qaror qildik. Va bu boshlanishi. Endi mazkur muloqotni an’anaga aylantirib, tizimli ravishda, haftada bir kun tadbirkorlarni shaxsan o‘zim qabul qilaman, – dedi Akmaljon Mahmudaliyev. – Viloyatdagi har bir rahbar tadbirkorlardan kelib tushgan murojaatlarni qonunda belgilangan tartibda tezkor hal etishi zarur va shart. Bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yganlarga nisbatan talab va choralar juda qattiq bo‘ladi.

Sirdaryodan kelayotgan shunday xabarlar bilan tanishar ekanmiz: “Viloyat ishonchli qo‘llarda. Bunday rahbarlar, albatta, Prezidentimiz, Vatanimiz, xalqimiz ishonchini sharaf bilan oqlaydi!”, – deymiz. Sirdaryo viloyati, o‘tganlarni qadrlaydigan, har bir inson dardiga malham bo‘ladigan zahmatkash mehnatkashlari, yosh-u qari 60 yillik muborak sanani yorug‘ yuz bilan kutib olish taraddudida yashamoqda. 60 yillik qutlug‘ bo‘lsin!

Nosir Toirov
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish