Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 13-may kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish Sirdaryo viloyati hududiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva hamda kun tartibidagi masalalarga doir viloyat hokimining o‘rinbosarlari, korxona va tashkilot rahbarlari, hududiy Кengash aʼzolari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi tashkilotlari va uning quyi tizimlarida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining ish rejasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan masʼullarning axboroti eshitildi.

Dastlab viloyat hokimi, hududiy kengash raisi G‘ofurjon Mirzayev kun tartibidagi masalalar yuzasidan viloyatdagi ayrim raqamlarga to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat bo‘yicha mansabdorlik va korrupsiyaga oid holatlar yuzasidan 105 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Bugungi kunga qadar 75 nafar shaxsga nisbatan 57 ta jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilib, javobgarlik muqarrarligi taʼminlangan.

Ushbu yo‘nalishda sodir etilgan jinoyatlar oqibatida jami 17,1 mlrd. so‘mlik zarar aniqlangan bo‘lib, shundan tergov davomida 8,9 mlrd. so‘m yoki 52 foizi undirilgan.

Jinoyat sodir qilgan mansabdor va boshqa shaxslarning 67 nafari tuman - shaharlar va 8 nafari viloyat miqyosidagi korxona, tashkilot va idoralarga to‘g‘ri keladi.

Sohalar kesimida tahlil qilinganda, jinoyatlarning aksariyati qurilish, sog‘liqni saqlash, xalq taʼlimi hamda qishloq va suv xo‘jaligi  soha xodimlari tomonidan sodir etilgan.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi tizimida uchrayotgan korrupsiyaviy jinoyatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan bu sohani isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida yangi texnologiya va innovatsiyalar joriy etildi, ilgari mavjud bo‘lmagan paxta - to‘qimachilik, g‘allachilik va meva - sabzavotchilik klasterlari tashkil etildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasining rivoji, avvalo, yer maydonlaridan oqilona va samarali foydalanish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 23-moddasida, “ijaraga berilgan yer uchastkalari oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash obyekti bo‘lishi mumkin emas” ligi qatʼiy belgilab qo‘yilgan.

Biroq prokuratura organlari tomonidan bugungi kunga qadar noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq 26 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, sudlarga yuborilgan.

Shu va shu kabi qonunbuzilish holatlarining kelib chiqish sabablari, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari va uning quyi tizimlarida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uni oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari atroflicha muhokama qilindi.

Ishlab chiqilgan ish rejaga muvofiq viloyat, korxona va tashkilot rahbarlarining hisobot va maʼruzalarini hududiy kengash ishida eshitish vazifasi belgilangan. Yig‘ilish davomida Ichki ishlar, sog‘liqni saqlash va maktabgacha taʼlim boshqarmalari rahbarlarining 2022-yil 1-choragi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.

Muhokamalar jarayonida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining faoliyati ham tahlil qilindi va OAV vakillariga batafsil ma’lumot berildi.

Kengash faoliyatida monitoring va nazorat tadbirlarini o‘tkazish, eshituvlar tashkil etish kabi instrumentlardan samarali foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan barcha normativ hujjatlar, dasturlar, belgilangan vazifalarning ijrosini samarali va o‘z vaqtida taʼminlash yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. 

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilish so‘nggida kun tartibidagi masalalar yuzasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, asosiy vazifalar belgilab olindi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish