Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryodagi 41 ta mahallada “Onalar bog‘i” barpo etildi
Biz do‘ppisida suv tashib bo‘lsa ham daraxt ko‘kartirishga odatlangan xalqmiz. Yerga qadagan nihollarimiz ko‘kka bo‘y cho‘zib, sersoya va serhosil daraxtga aylanishiga umid qilib, hovlimiz, mahallamizning har bir go‘shasiga nihol qadaymiz.

Qadalgan nihollarni parvarishlash esa har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir. Yurtimiz bo‘ylab keng quloch yoygan “Yashil makon” loyihasiga har bir vazirlik, idora, korxona va tashkilotlar o‘z hissasini qo‘shmoqda. Zero, yashil hududlar maydonini kengaytirish, yoshlarni atrof-muhit barqarorligini ta’minlashda faolligi va mas’uliyatini yanada oshirish, mahallalar hududlarini, aholi turar-joylari atrofini ko‘rkam ko‘rinishga keltirish juda savobli ish. Agar bunga onalar bosh-qosh bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur.

Sirdaryoda “Onalar bilan yashil makon sari” loyihasi doirasida tuman va shaharlardagi 41 ta mahallalarda jami 1,05 gektar maydonda “Onalar bog‘i” bunyod etilib, 11 ming 156 ta manzarali, 44 ming 111 ta mevali, 4684 ta buta, 26 ming 631 ta gul ko‘chatlari hamda 809 ta dorivor giyohlar ekildi.

Ko‘chat ekish, dehqonchilik qilish fazilati va ahamiyati ulug‘ amallardan sanaladi. Bu yilgi mavsumda “Onalar bilan yashil makon sari” loyihasiga o‘z hissalarini qo‘shayotgan ayollar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Mirzaobod tumanida yashovchi Mayram Ibragimova o‘zining 3 sotixlik tomorqasida 47 ta manzarali, 70 ta mevali, 320 ta gul ko‘chatlarini, Oqoltin tumanida yashovchi Cho‘lponoy Umarova 1 sotixlik tomorqasida 100 ta manzarali, 100 ta mevali, 20 ta gul ko‘chatlarini, Sayxunobod tumanida yashovchi Gulsum Boybo‘tayeva o‘zining 6 sotixlik tomorqasida 55 ta manzarali, 150 ta mevali, 550 ta gul ko‘chatlarini yetishtirdi. Agar bir muslim banda ko‘chat o‘tqazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi yesa, buning uchun unga sadaqa (qilganlik savobi) bo‘ladi, degan hadis ham ko‘chat ekish, dehqonchilik qilish fazilati va ahamiyati nechog‘lik ulug‘ ekanidan dalolat beradi. Shunday ekan, inson yerning go‘zalligini nafaqat asrab-avaylashi, balki uning yanada gullab-yashnashi uchun o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim. Atrof-muhitni muhofaza qilish, kelajak avlodga tabiiy boyliklarini asrab-avaylab yetkazish har birimizning insoniylik burchimizdir.

Nargiza Tojiboyeva,

Viloyat hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish