Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryo – Qonlikoʻl: "tajriba – namuna – taraqqiyot – rivojlanish"
Oʻzaro mehr-oqibatli, ahil-inoq boʻlib yashayotgan oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining munosabatlari  qardoshlik rishtalari bilan mustahkam bogʻlangan. Bir oila farzandlaridek tinch-totuv yashayotgan bu qardoshlarning orzu-maqsadlari ham yagona – mustaqil Vatanimizni har tomonlama taraqqiy ettirib, aholining turmush faravonligini taʼminlash. Shu maqsad yoʻlida bir-biridan yordamini ayashmaydi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan Sirdaryo viloyatiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qonlikoʻl tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga amaliy koʻmaklashish tashabbusi ilgari surilgan. Qadrdon ogʻaynilaridan yordamini ayamaydigan tanti sirdaryoliklar bu vazifani bajarishga chin dildan, samimiylik bilan kirishganlar. Yordam koʻrsatish koʻlami keng. Har bir ish belgilangan reja asosida puxta amalga oshirilmoqda.

Jumladan, oʻtgan yilning oktyabr oyida mutasaddilar tomonidan Qonlikoʻl tumanida Sirdaryo viloyati vakolatxonasi tashkil etilib, barcha zaruriy anjomlar bilan jihozlandi. Shundan soʻng amaliy ishlar oʻz-oʻzidan boshlanib ketdi. Viloyatdan tashabbuskor tadbirkorlar jalb etilib, sanoat va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida qiymati 570,5 milliard soʻmlik dastlabki 14 ta loyihalar shakllantirildi. Kelgusida 1900 ta yangi ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilgan.

Shu davr mobaynida tumandagi 345 kilometr ichki zovurlar tozalandi, 5 ming gektar yer maydoni shudgorlandi, 10 gektar maydonga jami 8800 tup mevali daraxt koʻchatlari oʻtqazilib, bogʻ tashkil etildi. Natijada 100 nafar kishi ish bilan taʼminlandi.

Shuningdek, Qonlikoʻl tumanida sanoat sohasini rivojlantirib, yangi ish oʻrinlari yaratish masalasiga alohida eʼtibor berilayapti. Shu maqsadida 0,4 gektar yer maydonda metallokonstruksiya, sendvich panellar asosida loyiha qiymati 1,5 milliard soʻm boʻlgan “Sirdaryo chevarlari” tekstil va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tikuvchilik fabrikasi tashkil etilib, tikuv va bichuv mashinalari, dazmollar, mebellar kabi zaruriy anjomlar bilan jihozlandi. Hozirda 40 nafar xotin-qizlar ishli boʻlishdi.

Qonlikoʻl tumanining kam taʼminlangan, “Temir daftar” va “Ayollar daftari” roʻyxatida turuvchi oilalarni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida moddiy ragʻbatlantirilib kelinmoqda. Ularga turli madaniy tadbirlar, sayohatlar uyushtirilmoqda.

Ayni kunlarda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev mutasaddilar hamrohligida Qonlikoʻl tumanida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirayapti.

Viloyat rahbari boshchiligida tumandagi xonadonlarga jami 120 million soʻmlik 10 ming tup mevali daraxt koʻchatlari berildi. Bundan tashqari umumiy qiymati 45 million soʻm boʻlgan tovuqlar tarqatildi. 

Hozirgi paytda moddiy ahvoli nochor hisoblangan 100 ta oilaning har biriga 1 sotixga moʻljallangan issiqxona qurib berilayapti. Bu issiqxonalarning umumiy qiymati bir yarim milliard soʻmni tashkil etadi. 

Tuman hududida kungaboqar yetishtirib, qayta ishlab, sutkasiga 1000 tonna pista yogʻini tayyolash quvvatiga ega boʻlgan sanoat klasteri tashkil etish uchun 3 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Viloyat hokimi mazkur “Best San Oil” MCHJ rahbarining istiqboldagi rejalari bilan tanishdi va kerakli tavsiyalarini berdi. 

Bundan tashqari, tashabbuskor tadbirkorlar Qonlikoʻlda sanoatni rivojlantish maqsadida 4 ta hududdagi 22 gektar yer maydonida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarini taqdimot qilishdi. 

Yana bir quvonchli jihat shundaki, Sirdaryo viloyati xokimligi tomonidan Qonlikoʻl tumanida 10 gektarlik Doʻstlik bogʻi tashkil etilmoqda. Ikki xalq qardoshligining abadiyligi ramzi sifatida bogʻning kirish qismiga dala shiyponi (suhbatxona) qurilayapti.

Ijtimoiy sohada ham bir qancha loyihani amalga oshirish moʻljallangan. Jumladan, xarob xolatdagi 22-sonli oʻrta maktab binosini tuman xokimligi zaxirasiga qaytarib olish va keyinchalik viloyat tashabbuskoriga maktabgacha taʼlim muassasi va aholiga xizmat koʻrsatish markazini tashkil qilish uchun ajratish ishlari olib borilmoqda.

Xullas, sirdaryoliklarning beminnat, begʻaraz yordamidan Qonlikoʻl tumani aholisi mamnun. Bu, aslida, chin doʻstlik, qardoshlik va birodarlikning yaqqol belgisidir.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish