Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
“Sayxun gold oil” korxonasi faoliyati kengaymoqda

Yurtimizda “Oʻzpaxtasanoat” AJ strukturasidan mutlaqo farq qiluvchi paxta-toʻqimachilik klasterlari yerga urugʻ qadashdan tortib, hosildan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan katta bir tizimni mustaqil amalga oshirmoqda. Bu esa, paxta-toʻqimachilik klasterlar faoliyatini yanada kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, ishsiz aholi qatlamini muqim ish joylari bilan taʼminlash imkonini bermoqda.

Sayxunobod tumanidagi “Poli tex Sirdaryo” klasteri ayni shu yoʻnalishdagi ishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, yuqori samaradorlikka erishdi. Ish, xizmat, qayta ishlash jarayonlari puxta reja asosida yoʻlga qoʻyildi.

Yaqinda, mazkur paxta-toʻqimachilikka ixtisoslashgan klaster jamoasi yana bir yangilikka qoʻl urdi. Ular oʻzlari yetishtirayotgan paxta chigitidan yogʻ va yogʻ mahsulotlarini ishlab chiqarish, yogʻ mahsuloti narxini arzonlashtirish maqsadida “Sayxun gold oil” korxonasini qurib, uni ishga tushirishdi. Ishlab chiqarish texnologiyasi Xitoy va boshqa qator davlatlardan keltirildi.

— Korxonani qurish va ishga tushirish uchun klaster taʼsischilari tomonidan 29 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ sarflandi, — deydi “Sayxun gold oil” masʼuliyati cheklangan jamiyat bosh iqtisodchisi Ermonqul Xusanboyev. — Paxtadan ajratib olingan, texnik chigit qayta ishlanib, undan rafinalangan yogʻ mahsuloti ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Kunlik, ishlab chiqarish quvvati, 85-90 tonnani tashkil etib, qayta ishlangan chigitdan 20 tonna rafinalangan yogʻ, kunjara va shulxa mahsulotlari ishlab chiqarayapmiz. 

Hozir, mazkur korxonada kunlik ishlab chiqarilayotgan yogʻ mahsulotlarining 15 tonnasi Xitoydan keltirilgan qadoqlash uskunasi orqali 4,2 litrli maxsus idishlarga qadoqlanmoqda. Qadoqlangan, rafinalangan yogʻ mahsulotlari birja savdosi orqali isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan boʻlsa, yaqinda yogʻni 1 va 3 litrli idishlarga qadoqlash, yogʻ ishlab chiqarish jarayonida chigit tarkibidan ajratib olingan texnik sopistokdan sovun mahsulotini ishlab chiqarish ham boshlanadi.

Ishni bir maromda ketishi xomashyoga bogʻliq. Korxonaga texnik chigit mahsulotlari “Poli tex Sirdaryo” paxta-toʻqimachilik klasteridan, qolaversa, viloyatning Sirdaryo, Guliston tumanidagi paxta-toʻqimachilik klasterlaridan keltirilmoqda. Yana bir eʼtiborli jihati, yaqinda qoʻshni Qozogʻiston davlati bilan hamkorlik shartnomasi muvaffaqiyatli imzolangach, ming tonadan ziyodroq pista (kungaboqar) keltiriladi. Va natijada “Sayxun gold oil” korxonasida ishlab chiqarilgan tamgʻasi tushirilgan, pista (kungaboqar) yogʻlari ichki bozordan oʻz oʻrnini egallaydi. 

Hozirda korxonada 75 nafar ishchi xizmatchi mehnat qilmoqda. Korxona toʻla quvvat bilan ish boshlagach, ular soni yana 100 nafarga ortadi. Ish uch smenada olib borilib, dam olishlari va ishlashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish