Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoda sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish darajasi 65 foizga yetdi
Sirdaryo viloyatida 2017-2018-yillarda 4-5 ta korxona mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Chet davlarlardan kirib keladigan mahsulotlarning import oʻsish surʼati 400 foizni tashkil etgan boʻlsa, muhtaram Prezidentimizning 2019-yil 24-avgustdagi “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi hamda mahalliy ishroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish boʻyicha masʼuliyatini yanada oshirish boʻyicha” qaroriga asosan viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish yordamchilari tashkil etilishi va sohaning rivojlanishiga alohida eʼtibor qaratilishi natijasida hududda import oʻsish surʼatini keskin kamaytirishga erishildi. 

Birgina, 2021-yil yakuni bilan viloyatda 31 ta loyihada 463 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 2020-yilga nisbatan 140 foizga ortigʻi bilan bajarildi.

Bugun sohani rivojlantirish, viloyatda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish uchun press-tur tashkil etildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar dastlab, Sirdaryo tumanidagi “AWP” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdilar. 

Mazkur korxona “PENG SHENG” qoʻshma korxonasi, Olmaliq kon metallurgiya kombinati va Xitoyning “Wenzhou Jinsheng Trade” kompaniyasi taʼsischiligida 7 million 500 ming dollari hisobiga tashkil etilgan boʻlib, bu yerda ishlab chiqarilayotgan santexnika buyumlari ichki bozorga yetkazilishi bilan bir qatorda koʻplab xorijiy davlatlarga eksport qilinadi. 

– Korxonamiz ishga tushirilishi bilan, avvalo, bor eʼtiborimizni xodimlarning malakasini oshirishga qaratdik, – dedi korxona rahbari Komil Mirzayev. – Hozirda 200 dan ortiq aholining bandligi taʼminlangan. Ularning barchasi oʻz vazifasini puxta va sitqidildan bajarishmoqda. Shu sababli ham mahsulotlarimizga Yevropa davlatlaridan ham xaridorlar koʻpaymoqda.

Oʻz mahsulotlarini toʻliq mahalliy xom ashyodan tayyorlab, nafaqat ichki bozorlarda, balki, jahon bozorida ham koʻplab xaridorlarga ega korxona “SIRDARYO MEGA LUKS” MCHJ qoʻshma korxonasi hisoblanadi.

Masʼuliyati cheklangan jamiyatda asosan oziq-ovqat va nooziq-ovqat maxsulotlarini qadoqlashga moʻljallangan poliprepilen qoplar ishlab chiqariladi. Korxonada loyiha qiymati 35 million dollari boʻlgan “Big-beg” yumshoq konteynerlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi natijasida yana 400 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratilib, jami 2000 nafardan ortiq aholining bandligi taʼminlangan.

– Bunday “Big-beg” yumshoq konteynerlar, yaʼni, katta xajmdagi qoplarga talab keskin ortmoqda, – dedi korxona rahbari oʻrinbosari Nodir Boʻronboyev. – Shu sababli ham bu yoʻnalishni kengaytirib, ishlab chiqarish hajmini ham, ish oʻrinlarini ham koʻpaytirish arafasidamiz. Mahsulotlar bugungi kunda Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston, Belorusiya, Turkmaniston, Ukraina davlatlariga eksport qilinmoqda. Shu kunlarda Isroil va Turkiya davlatlaridan talabgorlar chiqmoqda. 

Shuningdek, tadbirda viloyatda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanishicha, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi hamda qabul qilingan qaror va farmonlariga asosan viloyatda mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish orqali import oʻrnini bosish samaradorligi 65 foizga olib chiqilgan. Yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar tufayli eksport hajmi 30 foizga oshirildi va sanoat mahsulotlarining narxlarini 12 foizga arzonlarshtirishga erishildi.

Ayniqsa, Iqtisodiy tarqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziriligi tomonidan tashkil etilgan kooperatsiya portali oʻxshash tovarlarning importini qisqartirish, korxonalarining xarajatlarini qisqartirish, ishlab chiqarish samardraorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Viloyatda mahalliylashtiriladigan mahsulot ishlab chiqarish quvvati va mavjud xomashyo bazasi negizida qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratilib, mahalliy korxonalar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi aloqalarini kengaytirish tizimli ravishda tashkil etilgan. Yaʼni, oʻtgan yili elektron kooperatsiya portali savdo platformasida oʻtgan davr ichida viloyatdagi barcha sanoat korxonalari roʻyxatdan oʻtkazilgan hamda 500 turdagi mahsulotlar joylashtirilgan boʻlib, 48 milliard soʻmlik 481 ta sharnoma amalga oshirilgan.

Joriy yilda mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan 29 ta loyihalar doirasida 510 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda import oʻrnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar tayyorlashga ihtisoslashgan umumiy qiymati 217 milliard soʻmdan ortiq 6 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish