Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoda Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun keng nishonlanmoqda
Har gal bayrog‘imiz hilpirashiga nazar solganimizda ruhan jo‘shqinlikni, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usining kuchayganini his etamiz. Davlat bayrog‘iga bo‘lgan hurmat-e’tiborni saqlash, buni, ayniqsa yoshlarimiz ongiga singdirish, siz-u bizning fuqarolik burchimizdir.

Bugun 18-noyabr O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunning 30 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab keng tantana qilinmoqda.

Sana munosabati bilan Sirdaryo viloyati drama teatrida ham katta tadbir uyushtirildi. Tantanada viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Nosirov viloyat hokimining bayram tabrigini o‘qib eshittirib, bugungi sananing, ayniqsa, bayrog‘imizning hayotimiz, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida o‘rni va ahamiyati haqida fikrlarini bildirdi.

“Mana, 30 yildirki, Mustaqil O‘zbekistonimizning davlat ramzi hisoblangan bayrog‘imiz xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu azim yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, iftixor bag‘ishlab kelayapti. Bugun yurtimizda dunyoqarashi yangicha bo‘lgan, g‘ururli yosh avlod kamol topmoqda. Bemalol ayta olamizki, bu avlod jahonning yuksak minbarlarida, dunyo sahnasida yurt bayrog‘ini baland ko‘tarishni ich-ichidan xohlaydi. Shuning barobarida barchamizdan tinchlik va ezgulikning namunasi bo‘lgan shu ulug‘ bayroq ostida o‘tayotgan hayotimizning dorilomon har bir kuni, har bir soniyasidan rozi bo‘lishimiz, mana shu yorug‘ kunlarning bardavomligini ta’minlab, kelajak avlod oldida katta mas’uliyatimiz va qarzimiz borligini doimo yodda tutmog‘imiz lozim. Shu ulug‘ bayroq ostida davlatimiz rahbari rahnamoligida xalqimiz uchun hech kimdan kam bo‘lmagan hayot barpo etish yo‘lida ezgu maqsadlar sari olg‘a boraveramiz” deyiladi tabrikda.

Tadbirda “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori ostida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Unda teatr aktyorlari ijrosida “Bayroq va yurak” nomli sahna ko‘rinishi namoyish etilib, diltortar navolar, kuy-qo‘shiqlar yangradi. Ayniqsa, xushovoz xonandalarning “Bayrog‘ing boshingda xilpirar”, “Vatan bayrog‘i”, “Vatan” kabi qo‘shiqlari tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.

Shuningdek, Guliston shahri ko‘chalarida Davlat bayroqlari o‘rnatilgan avtomobillar "marshi" tashkillashtirildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish