Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev “Yashil makon” doirasida ko‘chat ekdi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi yurtimiz bo‘ylab yangi bog‘-rog‘lar barpo etish va tevarak-atrof musaffoligini ta’minlashda muhimligi bilan ahamiyatli.

Sirdaryoda mazkur loyiha doirasida 5 million tubdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha shahar va tumanlarda 583 ming 300 dona ko‘chat ekildi.

Bugun viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev hamda sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, keng jamoatchilik ishtirokida Yangiyer shahri va Xovos tumanida moʻjazgina bog‘ yaratildi. Tadbir doirasida tut, terak, olcha, kashtan, anor, katalpa kabi 16 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Ekilgan ko‘chatlarga ziyon yetmasligi uchun ohak bilan ishlov berildi.

Ko‘chat ekish barobarida amaliy seminar ham bo‘lib o‘tdi. Seminarda qaysi hududlarda qanday ko‘chat ekish kerakligi haqida ma’lumot berildi. Amaliy seminar davomida tol, terak, jiyda ko‘chatlari joy tanlamasligi, har qanday sharoitda ko‘karib ketishi, faqat bunga biroz parvarish kerakligi ta’kidlandi.

– Ko‘chat ekish bilangina ish bitmaydi, unga alohida e’tibor kerak, – deydi viloyat rahbari. Ekilayotgan har bir ko‘chatning navi, qachon va kim tomonidan o‘tqazilgani haqida qayd etib qo‘yishimiz, vaqtida sug‘orish, hayvonlardan asrash kerak. Shundagina biz ekkan nihollar bo‘y ko‘rsatadi.

Bu xayrli tashabbus qadim an’analarimiz, qadriyatlarimizga hamohang. Ota-bobolarimiz farzand tarbiyalayotganda “bir daraxt eksang, uning mevasi, soyasidan bahramand bo‘lganlar seni duo qiladi”, deb o‘rgatgan. 

Shu bois, bu ezgu amal nafaqat yashil olamning kengayishi, atrof-muhit musaffoligiga xizmat qiladi, balki, yosh avlod tarbiyasida ham muhim ahamiyatga ega.

Viloyatimizning barcha hududlarida ko‘chat ekish ishlari davom etmoqda.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish