Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryolik kardiologlar rossiyalik hamkasblari bilan tajriba almashishdi
Tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor sohaning har bir yo‘nalishida o‘z aksini bermoqda. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimizning taklif va ko‘rsatmalari bilan Sirdaryoda tibbiyot klasterining tashkil etilayotganligi sababli Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filiali ham har tomonlama takomillashtirilmoqda.

Mazkur muassasaga yangi, zamonaviy, innovatsion diagnostika vositalari keltirilib, yurak, qon-tomir bilan bog‘liq murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yilgan edi. Natijada, bu yerda 400 dan ortiq, shundan murakkab bo‘lgan 150 dan ortiq jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Bunda, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Rossiyadagi Bakulev nomidagi yurak, qon-tomir markazi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari sirdaryolik tibbiyot xodimlarining o‘z bilimini oshirishi uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu hamkorlik aloqalari sabab, mazkur muassasaga rossiyalik ilmiy xodim, tibbiyot fanlari nomzodi Andrey Abrosimov tashrif buyurdi. Ikki kun mobaynida sirdaryolik kardiologlar bilan hamkorlikda o‘ndan ortiq bemorda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

– Murakkab amaliyotlarni o‘tkazishda hamkorlik aloqalari kutilgandan ham yaxshi natija berayapti, – deydi Endovaskulyar xirurgiya bo‘limi mudiri Xurshid Hakimov. – Buning uchun bizda yetarlicha shart-sharoit, eng so‘nggi rusumdagi koronarografiya apparati va jihozlar bor. Rossiyadagi Bakulev nomidagi yurak, qon-tomir jarrohlik markazida tajriba orttirib, qisqa fursat Moskva viloyatining Yegorovskiy shahridagi shifoxonaning qon-tomir xirurgiya bo‘limida endovaskulyar vazifasida ishlab kelgandim. Bu esa faoliyatimda asqotayapti.

– Bitta bemorimiz to‘rt oy muqaddam, miokard infarkt tashxisi bilan bo‘limga yotqizilgandi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali direktori Shuhrat Husanov. – Bitta bemorning koronar qon-tomiriga stent qo‘ygandik. Lekin bemorning yana ikkita koronar qon tomirida muammo bor edi. Ushbu bemor qayta, rejali murojaat etdi. Shunga asosan, jarrohlik amaliyotini o‘tkazdik. Ikkita muammoli koronar qon tomirlariga stent qo‘yildi.

Bundan tashqari sirdaryolik kardiologlar mustaqil ravishda bemorlarni tashxislash va davolash, yondosh kasallik xavfi, yurak ishemiya, zo‘riqish, stenokardiya, gipertoniya va boshqa kasallik xavfi bilan kelgan bemorlarda yurak old tushuvchi arteriyasiga, uyqu, oyoq, son arteriyasiga stent qo‘yish kabi murakkab jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazishmoqda.

Shifo maskanida yana bir yangilikka qo‘l urildi. Hamkorlar maslahatiga tayangan holda, yaqinda Sirdaryoda ilk marotaba yurak tug‘ma nuqsoni bor bolalarni endovaskulyar xirurgiya yo‘li bilan davolash hamda o‘tkir miokard infarkti, koronar sindromini o‘tkir davrida stentlash amaliyotini yo‘lga qo‘yadi. Bu esa yurak, qon-tomir va boshqa shunga o‘xshash kasalliklardan aziyat chekayotgan kasallarni Sirdaryoda davolash imkonini beradi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish