Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoda tibbiyotni tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etilish holati oʻrganildi
2022-yil 6-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari, viloyati hokimligi, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼul rahbarlari ishtirokida “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish holatini Sirdaryo viloyatida nazorat-tahlil tartibida oʻrganish yakunlari”ga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Unda asosiy eʼtibor Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga asosan qabul qilingan, Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalarning viloyatdagi ijrosiga qaratildi.

Xususan, viloyatda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning oʻrta tibbiyot xodimlaridan tashkil topgan “tibbiyot brigadalari” faoliyati, kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va toʻliq tibbiy yordam koʻrsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarining joriy etilish holatini oʻrganish yakunlari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Harakatlar strategiyasi doirasida Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida tibbiyotni tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etila boshlandi. Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari dastlab, Sirdaryo viloyatida sinovdan oʻtkazilishi koʻzlangan boʻlib, natijasiga koʻra, respublikaga joriy qilish rejalashtirilgan. Dastlab, Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalariga joriy qilingan davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari, bosqichma-bosqich respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga ham joriy etildi. Natijada bugungi kunda aholi birlamchi zarur dori-darmonlarni tibbiyotning birlamchi boʻgʻinidan olmoqda.

Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi va Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalari bilan shartnomalar tuzilib, ulardan kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar strategik xaridi yoʻlga qoʻyilgan va yangi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazilgan. Shartnoma asosida, har bir davolangan holatlar soni hamda bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib, oʻtgan yilning ikkinchi yarmida viloyatdagi tibbiyot muassasalariga qariyb 10 mlrd. soʻm toʻlab berilgan.

Shuningdek, kafolatlangan paket doirasida koʻrsatiladigan bepul tibbiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, bemorlar uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamdan foydalanish qulayligini yanada oshirish maqsadida imtityozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinib, elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllash tartibi joriy etildi. Bunda, yoʻllanma axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladi va bu fuqarolarga davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida davlat mablagʻlari hisobidan tibbiy xizmatlar olish huquqini beradi.

Yigʻilishda qayd etilganidek, Sirdaryo viloyatida tibbiyotni tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish, aholiga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, yangi tizim boʻyicha xodimlarni oʻqitish yoʻlga qoʻyildi, aholi orasida targʻibot ishlari olib borildi. Viloyatda patronaj koʻriklari maqbullashtirilib, yangilangan maqsadli patronaj tizimi joriy qilindi.

Yangi shtat meʼyorlariga muvofiq, poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ikki ming nafar biriktirilgan aholi soniga 3,0 ta shtat birligida “tibbiyot brigada hamshiralari” lavozimi tasdiqlandi. Oilaviy shifokorga yordam beradigan oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat boʻlgan 421 ta “tibbiyot brigadalari” tashkil qilindi. Ularda 1883 nafar tibbiyot xodimlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Viloyat aholisining 838 378 nafari hududidagi tibbiyot muassasalariga biriktirilgan holda, ularning elektron bazasi shakllantirildi.

Bundan tashqari, joylarda oilaviy shifokor tomonidan tor soha mutaxassislari konsultatsiyasi va statsionar davolanish uchun yoʻllanmalar berish amaliyoti yoʻlga koʻyildi. Natijada, bemorlarni shifoxonalarga yoʻllanma bilan yotqizish koʻrsatkichi viloyat boʻyicha oʻrtacha 27,3 foizga oshgan, rejali jarrohlik boʻlimlarida operativ faollik 24,5 dan 38 foizga oshdi.

Taʼkidlanganidek, davlat tibbiy sugʻurta tizimining toʻliq yoʻlga qoʻyilishi sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablagʻlar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushini, aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillarini sifatli tibbiy xizmat bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda aholining tibbiy yordam uchun toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlovlari darajasini kamaytirishga xizmat qiladi.

Qizgʻin oʻtgan yigʻilishda muassasalarda mavjud tibbiy asbob-uskunalardan, kunduzgi statsionarlar faoliyatidan samarali foydalanish, shifoxonalarda yoʻllanma asosida davolanishiga eʼtiborni kuchaytirish, Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy qilish borasidagi ishlarni kuchaytirish, tibbiyot muassasalari faoliyatining oʻzaro integratsiyasini toʻliq yoʻlga qoʻyish uchun tizimni kompyuter texnologiyalari bilan toʻliq taʼminlash ishlarini oxiriga yetkazish, tibbiyot muassasalarini jihozlash tabeli boʻyicha yangi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash va zarur reaktivlar bilan yetarli miqdorda taʼminlab borish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Tadbir yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olinib, qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish