Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Viloyat hokimining Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiridagi tabrik so‘zi

Hurmatli dehqon va fermerlar, qishloq xo‘jaligi xodimlari!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali o‘z hayotini qishloq xo‘jaligi sohasiga bag‘ishlagan barcha zahmatkash insonlarni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Barchaga ma’lumki, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning eng qadimiy, hech qachon o‘z o‘rni va ahamiyatini yo‘qotmaydigan, shu bilan birga eng mas’uliyatli hamda mehnati og‘ir bo‘lgan kasblardan biri hisoblanadi.

Hurmatli Yurtboshimizning ta’biri bilan aytganda "Shunday ulug‘ va muhim sohaning zalvorli yukini o‘z yelkasida ko‘tarib kelayotgan mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va mutaxassislarni dunyodagi eng olijanob kasb egalaridir" desak, ayni haqiqatdir.

Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, yerdan mo‘l hosil yetishtirish – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.

Xalqimiz sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.

Har erta bahorda yerga urug‘ qadab, rizq yo‘lini ochadigan, xonadonlarimizdagi to‘kinlik va fayzu baraka sababchisi bo‘lgan sizdek fidoyi insonlarga har qancha tasannolar aytsak arziydi.

Aziz do‘stlar!

Mazkur bayram munosabati bilan sizlarni qutlar ekanman, bu yilgi mashaqqatli mehnatingiz, erishilgan natijalar va oldimizda turgan rejalar haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Joriy yil viloyatimizda 678 ming tonna g‘alla, 227 ming tonna paxta, 829 tonna pilla, 973 ming tonna meva-sabzavot, 487 ming tonna go‘sht va sut mahsulotlari hamda 210 mln dona tuxum yetishtirildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan jami 16 trln 573 mlrd so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 1 trln 898 mlrd so‘m ko‘p foyda olindi.

Bundan tashqari viloyatda 4 ming gektardan oshiq maydonlarda Xitoy texnologiyalari asosida yuqori hosildor paxta yetishtirildi.
Misol uchun, Boyovut tumanidagi “Boyovutlik Humoyun” fermer xo‘jaligi hamda Sayxunobod tumanidagi 
“Dax Poli Tex” fermer xo‘jaligi o‘rtacha 55-60 syentner hosildorlikka erishdilar. 

Shuningdek, joriy yilda Hurmatli Prezidentimizning viloyatga tashriflaridan so‘ng, aholini band qilish va tadbirkorlikni rivojlantirishni mutlaqo yangi tizimi – “Sayxunobod tajribasi” yaratildi. 

“Sayxunobod tajribasi” asosida viloyatda qiymati 18,8 mlrd so‘m mablag‘lar evaziga 20 ta mini-traktor hamda 602 ta mato-kultivatorlar aholi xonadonlariga yetkazib berildi. Viloyatda har bir mahallada kichik ishlab chiqarish, xizmat va savdo ob’yektlarini tashkil etish uchun jami 4 647 ta mikroloyihalarga 148,2 mlrd so‘mlik kreditlar ajratildi. Buning natijada 1 464 ta xizmat ko‘rsatish, 591 ta ishlab chiqarish, 482 ta tikuvchilik loyihalari ishga tushirilib, 450 ta ixcham issiqxona tashkil etildi. 33 ming bosh parranda, 770 dona asalari qutilari va 7 716 bosh qoramol va qo‘ylar aholi xonadonlariga yetkazib berilib, 7 648 nafardan ortiq aholi bandligi ta’minlandi.

Albatta amalga oshirilayotgan mazkur ishlar viloyatimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan birga, xalqimiz dasturxonini farovon qilishdek olijanob maqsadga qaratilgandir.

Qadrli do‘stlar!

Tajribali fermerlarimiz, ustoz maqomiga erishgan mirishkor dehqonlarimiz bor. Katta salohiyatga, bilimga ega bo‘lgan dehqonlarimizning mehnati, tajribasi hamda maslahati bugun viloyatimizning qishloq xo‘jaligining rivojlanishida dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ularga munosib izdoshlar, yerni his qiladigan fermer va tomorqachilarimizning borligi esa bizni quvontiradi, albatta.

Muhtaram dehqon va fermerlar!

Hayot sinovlarida toblangan, mard va matonatli fermerlarimiz, barcha qishloq xo‘jalik xodimlari bundan buyon ham viloyatimiz ahli farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdek g‘oyat mas’uliyatli vazifani ado etishda butun kuch-g‘ayrat va imkoniyatlarini safarbar etadilar, deb ishonaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga qut-baraka va xotirjamlik hamisha yor bo‘lishini tilayman.

Yana bir bora bayramingiz muborak bo‘lsin, deymiz! 

Hech qachon dard ko‘rmang, kam bo‘lmang!

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish