Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryo tumanida "Ezgu niyatlar xiyoboni" ochildi

Umumiy maydoni 1,1 gektarni tashkil etgan xiyobonning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev, nuroniylar va yoshlar, ijodkor ziyolilar, tarixchi olimlar ishtirok etdi.

Bu yerda tuman aholisi va mehmonlarining mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bolalar o‘yingohi, favvoralar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, “Nuroniylar va maʼnaviyat maskani”, “Renessans” monumenti barpo etilgan.

Monumentda buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma va mutafakkirlar, jadid bobolarimizning o‘lmas siymolari aks ettirilgan. Unda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasining birinchi va ikkinchi Renessans bilan uyg‘un holda tasvirlangani ayniqsa ahamiyatlidir. “Amallar niyatlarga bog‘liqdir” hadisi bitigi va Imom al-Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih” kitobi tasviri monumentning markaziy qismida – bamisoli uning gultoji bo‘lib o‘rin egallagan.

Tadbirda viloyat hokimi so‘zga chiqib, tuman ahlini ezgu g‘oyalardan bunyod bo‘lgan ushbu muazzam xiyobon bilan tabrikladi. Monumentning ahamiyati haqida to‘xtaldi.

Jarayonlar shodiyonaga ulanib, xalq sayliga aylanib ketdi. Buyuk bobokalonimiz sohibqiron Amir Temur tavalludining 688 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan rasmlar tanlovi g‘oliblari va faol ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish