Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoda ilk bor “Sen aziz va muqaddassan ayol” tanlovi o‘tkazildi

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilgan “Sen aziz va muqaddassan ayol” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash tantanasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova so‘zga chiqdilar.

Aytish lozimki, bu yil ilk bor Sirdaryoda o‘tkazilgan, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova tavalludining 109 yilligi kunida hamda Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida yakunlangan ushbu tadbirning o‘ziga xos ibratli jihatlarga egaligi eʼtiborga molik. Yaʼni unda hali hech ham biror bir tanlovlarda ishtirok etmagan, chekka hududlarda yashayotgan, hayotning turli jabhalarida fidoyilik ko‘rsatayotgan oddiy xotin-qizlar ham faol qatnashdilar. Buni tanlov nominatsiyalarining “Eng yaxshi zahmatkash fidoyi ayol”, “Bu — mening onam”, “Eng tarbiyali farzand tarbiyalagan, boquvchisini yo‘qotgan yolg‘iz ayol”, “Maʼrifatli ayol”, “Eng yaxshi qaynona-kelin”,“Eng saranjom-sarishtali xonadon bekasi”, “Ayollar daftarida turgan va ish faoliyatini yo‘lga qo‘yib o‘zini-o‘zi band qilgan ayol” kabi nomlaridan ham bilsa bo‘ladi. Qolaversa, tanlovga 21 500 nafar xotin-qiz ishtirok etgani ham unga qiziqish yuqori bo‘lganligiga dalolatdir.

— Hayotda ona uchun eng katta baxt, bu — farzandlarining tarbiyasi ortidan rahmat eshitishdir, — deydi Shirin shahrining Nurobod mahallasida istiqomat qilayotgan mehnat faxriysi Mavluda Sobirova. — Shu maʼnoda “Sen aziz va muqaddassan ayol” tanlovining eng tarbiyali farzand tarbiyalagan onalar nominatsiyasi g‘oliblari qatorida bo‘lganim men uchun juda katta eʼtirof bo‘ldi. Uch nafar farzandim bor. Uchchalasi ham oliy maʼlumotli. Muhimi, ularning har biri el-yurt ishida har doim faol va fidoyi. Nabiralarim esa maktabda aʼlo baholarga o‘qimoqda.

“Sen aziz va muqaddassan ayol” tanlovining 10 ta nominatsiyasi bo‘yicha Sirdaryo viloyati tuman-shaharlaridan jami 110 nafar ishtirokchi g‘olib, deb topildi. Ularga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Ahmadali Shernazarov, “Xalq so‘zi”.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish