Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoda to‘garaklarni tashkil etishda ota-onalarning takliflari ham eʼtiborga olinyapti

Bultur Sirdaryo viloyati “Barkamol avlod” bolalar maktabida xususiy sektor bilan hamkorlikda “Ingliz tili”, “Yosh dasturchi” to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi. Shuningdek, “Kompyuter dizayn va grafikasi”, “Robototexnika” kabi bugungi kun talabiga mos yo‘nalishlardagi to‘garaklar ham ochildi.

— Hozir maktabimizda 7 ta yo‘nalishdagi 23 ta to‘garak faoliyat yurityapti, — deydi Sirdaryo viloyati “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Rustam Dusmuratov. — Viloyatimizdagi 12 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari bo‘yicha jami 349 ta to‘garak bo‘lib, ularga 7874 nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olingan. Shu bilan birga “Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garaklarining bevosita umumtaʼlim maktablarida ham tarmoqlari ham bor. Bu esa chekka hududlardagi o‘quvchilarning ham “Barkamol avlod” bolalar maktablari imkoniyatlaridan foydalanishlariga qulay imkoniyat yaratmoqda.

Eʼtiborlisi, to‘garaklarni tashkil etishda zamon talabi bilan birgalikda ota-onalar va o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazib borilayotgan so‘rovnomalarga ham katta eʼtibor qaratilyapti. Masalan, ayni shakldagi o‘rganishlar natijasida “Madaniyat va sanʼat” yo‘nalishi bo‘yicha “Yosh doirachilar”, “Fortepiano ijrochiligi”, “O‘zbek milliy va jahon musiqa asboblari ijrochiligi”, “Texnika, konstruktorlik va modellashtirish” yo‘nalishi bo‘yicha “Robototexnika va konstruktor”, “Yosh dasturchi” (Frontend-Backend), “Kompyuter dizayn va grafikasi”, “Yosh arxitektor”, “Xorijiy tillar yo‘nalishi bo‘yicha “English Language Testing System (IELTS)”, Prezident va ijod maktablariga tayyorlov bo‘yicha to‘garaklarini ochish maqsadga muvofiq, deb belgilandi.

Maʼlumot uchun aytish lozimki, o‘tgan yil boshida Guliston shahrida zamonaviy tipdagi viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi binosi qurib foydalanishga topshirildi. 350 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu maktabda to‘garaklar, o‘quv-mashg‘ulotlari uchun maxsus jihozlangan xonalar mavjud. Bundan tashqari, 100 o‘rinli axborot texnologiyalari kichik zali ham bor.

Ahmadali Shernazarov,
“Xalq so‘zi”.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish