Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasida sanoat majmuasi qurilishi joriy yilda boshlanadi

Shu yilning avgust oyida Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida «Markaziy Osiyo» sanoat kooperatsiyasi majmuasi qurilishi boshlanadi.

Qozog‘istonning Turkiston va O‘zbekistonning Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida quriladigan sanoat majmuasi qariyb 100 gektar maydonni egallaydi. Loyihaga ko‘ra, u yerda yopiq majmua quriladi, ishlab chiqarish va ulgurji savdo uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

Kuni kecha O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Qayrat To‘rebayev boshchiligidagi delegatsiya hamda Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida mazkur loyiha holati muhokama qilindi.

Qayd qilinishicha, u yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchinchi davlatlar bilan bir qatorda har ikki davlat bozorlariga ham eksport qilinadi. Natijada Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 10 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

2030-yil majmuaning to‘liq ishga tushirilishi va tijorat maqsadlarida foydalanish davri sifatida belgilangan. “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi Turkiston va Sirdaryo viloyatlari yalpi ichki mahsulotini ko‘paytirish bilan birga chegaradosh viloyatlarni yirik logistika markaziga aylantirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma hujjat imzoladi va o‘z hududlarida kuzatuvni kuchaytirishga kelishib oldilar.

 

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish