Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Mushtarak manfaatlar yo‘lida: Xitoylik tadbirkorlar Sirdaryoga sarmoya kiritishga chorlandi

Bugundan Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Urumchi shahrida O‘zbekiston-Xitoy mintaqalararo forumi o‘z ishini boshladi. Unda viloyatimizdan tashrif buyurgan qator rasmiylar va 60 dan ziyod ishbilarmon doira vakillari ishtirok etmoqda.

Viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev forum doirasida tashkil etilgan “Ishbilarmonlar hamkorligini kengaytirish va umumiy farovonlikni amalga oshirish” mavzusidagi konferensiyada nutq so‘zladi. Unda Xitoy bilan hamkorlikning bugungi holati va Sirdaryoga investitsiya kiritish istiqbollari haqida to‘xtaldi.

"O‘tgan 2023-yil Xitoy provinsiyalari va Sirdaryo viloyati o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanishidagi turtki beruvchi davr bo‘ldi. Birgalikda umumiy qiymati 2,1 mlrd dollar bo‘lgan 64 ta yangi loyihalar ishlab chiqildi va 415 mln dollarlik 6 ta loyiha shu yilning o‘zida ishga tushirildi. Ishonamanki, bu raqam yaqin kelajakda o‘sadi”, deb taʼkidladi viloyat hokimi.

Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan viloyatdagi investitsion va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha dadil qadamlar tashlangani aytildi.

Akmaljon Maxmudaliyev nutqining so‘ngida xitoylik sarmoyadorlarni Sirdaryo bozori imkoniyatlarini o‘rganib chiqishga va viloyatga faol sarmoya kiritishga chorladi.

Konferensiya “B2B” va “G2B” formatidagi uchrashuvlar bilan davom etdi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, muzokaralar yakunida umumiy qiymati 1,5 mlrd dollarlik 21 ta kelishuvga erishildi.

— "Xinjiang Xuri new Energy technology" kompaniyasi bilan qiymati 360 million dollarlik quyosh panellari va qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish loyihasi;

— "Tianjin Xinhang Power Technology" kompaniyasi bilan qiymati 100 million dollarlik innovatsion energiya bazasini barpo qilish loyihasi;

— "Savvy Industries Company limited" kompaniyasi bilan Shirin shahrida qiymati 22 million dollarlik quyosh batareyasi ishlab chiqarish loyihasi;

— "Bachjou Xaotyan" kompaniyasi bilan qiymati 3 million dollarlik tomchilatib sug‘orish tizimi uchun lentalar ishlab chiqarish loyihasi shular jumlasidan.

Mintaqalararo forum doirasida yana bir muhim voqea, yaʼni, “Made in Uzbekistan” O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasining ochilishi ham bo‘lib o‘tdi.

Unda Respublikamiz hududlari, xususan Sirdaryoda ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va ipakchilik sanoati, charm-poyabzal, oziq-ovqat, maishiy kimyo mahsulotlari, hunarmandchilik, qurilish materiallari, mebel va aksessuarlar namoyishi hamda hamkorlikda amalga oshirishga tayyor bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Forum o‘z ishini ertaga ham davom ettiradi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish