Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoda “Dahua” brendi ishtirokida yo‘l harakati xavfsizligi, taʼlim va tibbiyot sohalarini raqamlashtirish rejalashtirilmoqda

Xitoyda xizmat safari bilan bo‘lib turgan viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev rahbarligidagi delegatsiya aʼzolari videokuzatuv uskunalari ishlab chiqarish va ushbu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatishda yetakchi bo‘lgan "Zhejiang Dahua Technology" kompaniyasining bosh ofisiga tashrif buyurishdi.

Mazkur kompaniya 1993-yilda tashkil etilgan va 2001-yilga kelib korporatsiyaga aylangan. Bugungi kunda 54 ta filial, 35 ta sho‘ba korxona va 20 ta ishlab chiqarish liniyalari mavjud. Ularda 21 mingdan ziyod ishchi mehnat qiladi. Kompaniya mahsulotlari 180 ta mamlakatga kirib borgan. Sotuvdan tushgan foydaning 10 foizi yangi tadqiqot va ishlanmalarga yo‘naltiriladi. Faoliyati davomida 1 700 dan ziyod mahsulotga patent olgan.

Mehmonlarni kompaniya rahbari o‘rinbosari Bob Chen hamda boshqa rasmiylar iliq kutib oldi. Dastlab 7 000 m² maydonni egallagan “Digital Intelligence” ko‘rgazmalar zaliga eksklyuziv ekskursiya tashkil qilindi.

Bu yerda eng so‘nggi ilg‘or texnologiyalar, kompleks dasturiy mahsulotlar, turli o‘lchamdagi maxsus LD monitorlar, Wi-Fi qurilmalari, interaktiv ko‘p funksionalli zamonaviy kuzatuv kameralari, jamoat transporti, logistika, tibbiyot, taʼlim va boshqa ko‘plab sohalarni raqamlashtirishga doir aqlli yechimlar mavjud.

Samimiy va ishchanlik ruhida o‘tgan muzokara davomida viloyat hokimi bugungi globallashuv jarayonida kompaniyaning ilmga asoslangan xavfsiz jamiyat, sifatli hayot qurishga bo‘lgan intilishini alohida eʼtirof etdi.

Shuningdek, viloyatni innovatsion hududga aylantirish borasida boshlangan ishlarga hamohang tarzda hayotiy muhim yo‘nalishlar — yo‘l harakati xavfsizligi, taʼlim va tibbiyot sohalarini raqamlashtirishda hamkorlik qilish taklifini bildirdi. O‘z navbatida xitoy tomoni ham manfaatli aloqalarni rivojlantirishga va hamkorlik qilishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Yakunda hamkorlikning har bir yo‘nalishi bo‘yicha ishchi guruhlar tuzish va birgalikda amalga oshiriladigan loyihalarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etishga kelishib olindi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish