Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Suvdan foydalanishda tejamkorlik zarur

Qishloq xo‘jaligi sohasi rivoji, yer maydonlari, ekilgan ekin turlari, undan olinadigan hosil bevosita suv resurslariga bog‘liq. Suvsiz va yomg‘ir suvlarisiz, qishloq xo‘jaligi tizimini tasavvur etish qiyin.

Viloyatda foydalanishda bo‘lgan, ammo ortiqcha suv resurslarining isrofgarchiligiga sabab bo‘layotgan tuproq o‘zanli kanal, ichki sug‘orish tarmoqlarini taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, eng asosiysi, betonlashtirish borasida keng miqyosli ishlar boshlab yuborildi. O‘tgan yilning dekabr, joriy yilning yanvar, fevral, mart oylarida uzunligi 2245,6 kilometr bo‘lgan tuproq o‘zanli ichki sug‘orish tarmoqlarining 900 kilometrida betonlashtirish ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilib, hozir 162 kilometri betonlashtirilgan. 

Bu boradagi ishlar viloyatda jadal surʼatlarda amalga oshirilib, unga Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tizimidagi irrigator va melioratorlar, fermer xo‘jaliklari, klaster ishchi xizmatchilari, texnika vositalari jalb etildi. 

–Tizimdagi irrigatsiya obyektlari, 1 ta yildan yilga o‘tuvchi, 8 ta yangi irrigatsiya obyekti, unga qarashli 102,3 kilometrli kanallarda qurish va rekonstruksiya qilish yuzasidan tasdiqlangan davlat dasturiga muvofiq, kanallarni qurish va rekonstruksiya qilish, yaʼni betonlashtirish uchun davlat byudjetidan 114,8 milliard so‘m mablag‘ ajratildi, – deydi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Isroilov. – Ayni vaqtda yangidan boshlanuvchi 4 ta obyektning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosasi olingan bo‘lsa, qolgan 4 ta obyektda loyiha-smeta ishlari amalga oshirilmoqda. Eng asosiysi, dastur doirasidagi ishni bajarish, uni belgilangan muddatlarda amalga oshirish uchun barcha dasturdagi obyektlarda suv to‘xtatilib, pudratchi tashkilotlarga ishni boshlash uchun sharoit yaratib berildi. 

Misol uchun aytganda, loyiha qiymati 12,2 milliard so‘m bo‘lgan, Sirdaryo tumanidagi “Malik” irrigatsiya tizimiga qarashli “PK82+00” dan “PK232+00” gacha qismini rekonstruksiya qilish ishlari pudratchi tashkilot “Shohrux-Demirbek” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshlangan bo‘lib, shu bugungi kun holatiga pudratchi tashkilot tomonidan 450 metr betonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. 

Qolaversa, loyiha qiymati 16 milliard so‘m bo‘lgan, Boyovut, Guliston, Sayxunobod va Mirzaobod tumanlaridagi sug‘orish tarmoqlarining 16 kilometrida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilib, shundan 940 metrida pudratchi tashkilot “Suv ombor qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan betonlashtirish ishlari, Sardoba suv ombori buzilishi natijasida zarar ko‘rgan Mirzaobod tumanidagi 21 kilometrli sug‘orish tarmoqlarida 14,3 milliard so‘mlik rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishi belgilangan. 

Eng muhimi, bu boradagi ishlarning bajarilishi natijasida yiliga 85 million kub.metr suv iqtisod qilinib, qariyb 24 ming gektardan oshiq qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining suv taʼminoti yaxshilanishiga, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan maydonlar kamayishiga, sizot suvlar sathi yer yuzasiga yaqin joylashgan maydonlar qisqarishiga, meliorativ holati yomon bo‘lgan yer maydonlarining holatini barqaror saqlashga erishiladi. 

Shu bilan birga, betonlashtirilgan kanallar hisobiga katta miqdordagi suv resurslari iqtisod qilinib qolmay, kattagina mablag‘, suv resurslari tejab qolinadi. Bu boradagi ishlarni belgilangan muddatlarda tugatish, qishloq xo‘jaligi sohasiga suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish, irrigatsiya tarmoqlarida olib borilayotgan taʼmirlash va tiklash ishlarini nihoyasiga yetkazish borasida muhim qadamlar tashlandi. 

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish