Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayevning bolalarda onkogematologik kasalliklarning profilaktikasi, kelib chiqish sabablari, oqibatlari hamda ularni davolash bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar bo‘yicha aholiga murojaati

Sog‘lik-salomatlik – har bir insonning eng katta boyligi ekanligi hammamizga ma’lum. Fuqarolar, jamiyat salomatligi esa har bir davlat, mamlakat rivojining asosiy omili hisoblanadi.

Barchamizga ma’lumki, so‘ngi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, sog‘lom turmush tarzini yaratish hamda xalqimizning salomatligini mustahkamlash borasida tizimli ishlar va katta islohotlar amalga oshirilmoqda.

Eng quvonarli tomoni, keyingi 5 yilda sog‘liqni saqlash sohasiga doir 300 ga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilindi. Bu esa, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yuqori bosqichlarga ko‘tarish imkonini bermoqda.

Qolaversa, shu bilan birga zamonaviy tibbiyot yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish orqali aholi o‘rtasida, yuqumli va yuqumsiz bo‘lmagan kasalliklarni oldini olish, tashxislash va samarali davolash masalasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga tayanib aytadigan bo‘lsam, yuqumli bo‘lmagan yurak-qon tomir, endokrin bezi, insult kasalliklari kabi onkologik kasalliklar butun dunyoda tarqalgani kabi yurtimizda ham afsuski ko‘payib bormoqda.

Yurtboshimizning alohida e’tiborlari sababli zamonaviy tibbiyot yutuqlarini amaliyotga tadbiq etish orqali aholi o‘rtasida, xususan, yosh bolalarda onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash, to‘g‘ri tashxis qo‘yish, samarali davo choralarini qo‘llash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Prezidentimiz tashabbuslari bilan yangi Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tashkil etilib, davo o‘rinlari soni 85 tadan 160 taga yetkazildi. Shuningdek, bemor bolalar ota-onalari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratildi. Gematologiya xizmati yo‘nalishida dori-darmonlar uchun ajratilgan mablag‘lar qariyb 60 baravarga oshirilib, 170 mlrd. so‘mga yetkazildi. 

Bu borada, Sirdaryoda ham bir qator ishlarni amalga oshirdik. Aholiga ko‘rsatilayotgan onkogematologik yordamni yanada takomillashtirish, gematologiya va transfuziologiya xizmatini sifatini yaxshilash, qon kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish va ularni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish maqsadida joriy yilda Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida onkogematologik bemorlarni davolash uchun 20 o‘rinli gematologiya bo‘limini tashkil etib, uni mahalliy byudjet mablag‘ hisobidan rekonstruksiya qilgan bo‘lsak, Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, hozirgi Guliston tibbiyot klaster hududida 14 millard so‘m mablag‘ hisobiga 120 o‘rinli gematologiya, revmatologiya, nevrologiya terapevtik kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan 120 o‘rinli korpus qurilishini yakuniga yetkazib, binoning 2 qavatida shu turdagi kasallikka chalingan, katta yoshli kishilarni davolashga mo‘ljallangan, 20 o‘rinli gematologiya bo‘limini tashkil etib, uni zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va tibbiy jihozlar bilan jihozladik.

Onkogematologik kasalliklar diagnostikasi uchun maxsus laboratoriya tashkil qilib, uni zamonaviy binokulyar kompyuterli mikroskop bilan ta’minladik. Vrach-laborantlarni gemotalogiya yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kurslarida o‘qitdik. Shu bilan birga, Guliston tibbiyot klasteri, Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Sirdaryo va Mirzaobod tuman tibbiyot birlashmalarida 5 nafar vrach gematolog, qolgan tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda 0, 5 shtat hajmi asosida ishlovchi vrach gematologlar shtatlarini shakllantirdik.

Onkogematologik kasalliklar bilan kasallangan bemor bolalarga qulay shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy tibbiy jihozlar sotib olish, ushbu turdagi kasalliklar bilan kasallangan bolalarni sog‘lig‘ini tiklash, ular yashayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 400-450 million so‘m mablag‘ ajratdik.

Qadrli ota-onalar!

Tib ilmi sultoni, bobomiz Abu Ali ibn Sino o‘zining "Tib qonunlari" asarida sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollik to‘g‘risida to‘xtalib, “Me’yorida va o‘z vaqtida jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanadigan inson hech qachon davolanishga muhtoj emas” deya bejizga aytmagan.

Chunki sog‘lom turmush tarziga amal qilib, jismoniy faol bo‘lib, me’yorida ovqatlangan kishiga dard yo‘lamasligini o‘z risolasida ilmiy asoslab bergan.

Buni biz, pandemiya davrida his etdik. Kasallikning og‘irligi va o‘lim holatlarining katta qismi noto‘g‘ri turmush tarzi tufayli kelib chiqadigan yo‘ldosh kasalliklar ortidan kelib chiqqanligiga guvoh bo‘ldik.

Bundan bir necha yillar muqaddam, Davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumaniga qilgan navbatdagi tashrifi davomida tumanidagi zamonaviy oilaviy poliklinika faoliyati bilan tanisha turib, odamlarni sog‘lom turmush tarziga odatlantirish borasida taklif va tavsiyalarini bergan edi.

Shu maqsadda,   Sirdaryoda sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari, davlat va nodavlat tashkilot xodimlari bilan birgalikda aholini salomatligini saqlash, nofaol hayot tarzi, noto‘g‘ri ovqatlanish ortidan kelib chiqish ehtimoli katta bo‘lgan yuqumli kasalliklarni oldini olish borasida olib borgan tashviqot va targ‘ibot tadbirlarimiz bugun o‘z natijasini ko‘rsatyapti  deya o‘ylayman.

Kasalliklarni davolashdan ko‘ra, uni oldini olgan yaxshi. Bu borada Sirdaryoda ham muhim qadamlar tashlandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasi asosida, Respublikamizda ilk marotaba sog‘liqni saqlash tizimida davlat tibbiy sug‘urtasi bilan bog‘liq, tajriba sinov ishlari Sirdaryoda boshlandi va natijada aholiga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

O‘ylab qaraydigan bo‘lsak, bu to‘g‘ri yo‘nalish. Jahondagi rivojlangan davlatlarda ushbu tizim orqali aholiga xizmat ko‘rsatiladi. Bu esa, ortiqcha ovoragarchiliklarni oldini olib qolmay,inson salomatligi uchun ajratilayotgan pul mablag‘larini maqsadli va manzilli sarflash imkonini beradi.

Sirdaryo viloyati hokimi, Gʻofurjon MIRZAYEV.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish