Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoda “Ta’vilot al-Qur’on” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Sirdaryo viloyati hokimligi, Oʼzbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi hamkorligida “Taʼvilot al-Qurʼon” kitobining taqdimoti oʼtkazildi.

Unda keng jamoatchilik vakillari, xususan imom-xatiblar, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, Guliston davlat universiteti professor oʼqituvchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Taqdimotda soʼzga chiqqanlar mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohadagi davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlari va mazkur sohada olib borilayotgan islohotlar samaralari sohada faoliyat yuritish imkoniyatlarini oshirib borayotganini alohida eʼtirof etib, taqdimotning mohiyat jihatidan oʼta aktualligini va mazkur dolzarblik doimiy ahamiyatga ega ekanini taʼkidlashdi.

“Taʼvilot al-Qurʼon” asari boʼyicha ilmiy izlanishlar olib borib, uni tarjima qilish va nashrga tayyorlashgacha boʼlgan bosqichlarda bevosita ishtirok etgan ilmiy jamoa aʼzolari tarjima jarayonlarining eʼtiborga molik jihatlari, asarning boy mundarijasi, ilmiy qiymati va tarixiy ahamiyati toʼgʼrisida maʼlumotlar berishdi.

Qayd etilishicha, 2021 yil “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” nashriyoti tomonidan oʼzbek tilida nashr etilgan buyuk ajdodimiz faqih va mutakallim olim Muhammad ibn Mahmud Moturidiy qalamiga mansub “Taʼvilot al-Qurʼon” asarida Qurʼoni karimning Fotiha surasi hamda 30-juzi tarjimasi va tafsiri oʼrin olgan. 

Ushbu ilmiy tadqiqot yurtimizda tafsir va kalom ilmi boʼyicha tarixiy asl manbalarga tayangan holda qilingan ilk islom ilohiyotiga oid yangilik boʼlib, tarjimada Imom Moturidiy rahimahullohning qarashlarini imkon qadar yengil, tushunish oson boʼlgan uslubda xalqimizga yetkazishga eʼtibor qaratilgan.

Qurʼoni karim oyatlarining tarjimasini keltirishda Shayx Аbdulaziz Mansur qalamiga mansub “Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri” asaridan keng foydalanilgan. Moturidiyshunos olimlar doktor Аhmad Saʼd Damanhuriy, professor Yusuf Shavqiy Yavuz, doktor Hamza Bakriy va boshqa koʼplab ulamolarning tavsiyalariga asosan Bekir Toʼpal oʼgʼli va Аhmad Vonli oʼgʼli tahqiqi ostida nashr etilgan nusxa tarjima ishining asosiy manbasi qilib olingan.

Taqdimotda ishtirokchilar tomonidan mazkur tarjima ishi ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini kengroq oʼrganish va xalqimizga yetkazish borasida muhim qadam sifatida baholanib, ushbu yoʼnalishdagi faoliyat uzviy davom etishi zarurligi qayd qilindi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish