Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
eye Ko'zi ojizlar uchun
"Yog‘ochli sardoba" turistik maskanga aylanadi
Vatanimiz boy tarixga va nodir madaniy-tarixiy merosga ega. Ko‘pchilik cho‘l o‘rnidagi viloyat, unda tarixiy obidalar bo‘lmasa kerak, deb o‘ylaydigan Sirdaryoda ham bir emas, bir necha tarixiy ahamiyatga ega manzillar, xususan, “Ko‘hna Xovos” tepaligi, Xushkat shahri arxeologik yodgorligi, "Yog‘ochli sardoba" kabi manzillar bor.

Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyidagi eksponatlar esa yil sayin ko‘payib bormoqda. Buni qarangki, o‘sha sobiq cho‘l hududidagi viloyat muzeyi eksponatlarining ko‘pligi va ilmiy-tarixiy ahamiyati jihatidan respublikamizdagi 160 ta ana shunday madaniyat muassasalari o‘rtasida 16-o‘rinda turadi.

Ayni o‘rinda tarixda Buyuk Ipak yo‘li karvonlarining sevimli maskanlaridan biri sifatida qaynoq va gavjum shahar bo‘lgan “Yog‘ochli sardoba” tarixiy obidasi xususida to‘xtalib o‘tamiz.

Rimdan chiqqan va Xitoy sari otlangan har qanday karvon qadim Buxoro va Samarqanddan keyin, albatta Sirdaryo zaminidan o‘tganini inobatga olib, bu tarixiy gumbaz tarixda nechog‘lik katta rol o‘ynaganini anglash qiyin emas.

Bu o‘tmish merosining bunyodga kelishi tarixi haqidagi ilk ma’lumotni Hofiz Tanish al-Buxoriyning "Abdullanoma" asaridan ham bilish mumkin. Unda yozilishicha, "Yog‘ochli sardoba" Buxoro xoni Abdullaxon II ning 1579-1583-yillardagi Toshkentga yurishi davrida, aniqrog‘i 1580-yil barpo etilgan.

Inshootning g‘ishtlari kvadrat shaklda bo‘lib, ularning hajmlari 25x25x5 santimetrni tashkil etadi. Gumbazning ichki diametri 15 metr, balandligi 12 metrdan iborat. Sardobaning ichki qismida yerdan 2 metr balandlikda yopiq, uyasimon tuynuklar joylashgan. Sardoba devorining qalinligi pastki qismida 1,5 metrni tashkil etsa, yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib boradi va eng yuqori qismida uning qalinligi bir g‘isht qalinligiga to‘g‘ri keladi. Unga bir tomon — shimol tarafdan kirilgan. Qolgan uch tarafida ark ko‘rinishidagi tuynuklar bo‘lgan. Kirish qismi arksimon bo‘lib, undan g‘ishtli zinapoyalar orqali sardoba ichkarisiga kirilgan. Kirish qismida o‘ziga xos yo‘lakcha mavjud. Yo‘lakchaning tepasida xizmatchilar va qo‘riqchilar uchun maxsus xonalar bo‘lgan. Unga tashqarida qurilgan aylanma zinapoyalar orqali ko‘tarilgan. 

"Yog‘ochli sardoba" yomg‘ir va qor suvlari bilan to‘ldirilgan. Shu sababli u soylikda joylashgan, ushbu holat unga tevarak-atrofdagi suvlarni yig‘ish imkoniyatini bergan. Yon-atrofdagi suvlar irmoqchalar yordamida sardobaga quyilgan. Sardobaga suvning kirishi uchun maxsus yassi tarnovlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular bir-birlari bilan halqasimon tarnov orqali bog‘langan. Suvning aynib qolmasligi uchun unga uchta maxsus salqinlik beruvchi tuynuklar o‘rnatilgan. Gumbazning yuqori qismi ham shu maqsadda ochiq qoldirilgan. 

"Yog‘ochli sardoba" gumbazi Toshkent-Samarqand-Buxoro shaharlarini bog‘lovchi avtomagistral yo‘l yoqasida joylashgan. Bu o‘ziga xos yodgorlik avtomagistral yo‘ldan o‘tuvchi sayyohlarni ham qiziqtirishi tabiiy. So‘ngi yillarda Mirzacho‘lning "Buyuk ipak yo‘li"da tutgan alohida o‘rni to‘g‘risidagi tushuncha va qarashlarni yanada boyitish maqsadida ushbu yodgorlikda bir muncha qayta tiklash, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Biroq rekonstruksiya ishlari to‘liq yakuniga yetmay to‘xtab qolgan edi.

Hududda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish maqsadida to‘xtab qolgan ta’mirlash ishlarini davom ettirish choralari ko‘rilmoqda. Unga ko‘ra obidani turistik marshrutga kiritish, uning atrofida turli ko‘ngilochar maskanlar qurilishi va foydalanilishi uchun zarur mablag‘lar ajratish hamda davlat-xususiy sherikchilik asosida yosh tadbirkorlarni jalb etish ko‘zda tutilgan.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish