Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
eye Ko'zi ojizlar uchun
Rossiyadagi o‘zbek vatandoshlarga o‘zbek milliy do‘ppilari sovg‘a qilindi
Barchangizning xabaringiz bor, Davlatimiz Rahbarining mustaqilligimizning 30 yillik bayramiga munosib tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish haqidagi qaroriga muvofiq, dunyoning ko‘pgina davlatlarida bayram shodiyonalari bo‘lib o‘tmoqda. Yaqinda bir guruh sirdaryolik san’at va madaniyat xodimlari, targ‘ibotchilar guruhi a’zolari Rossiya Federasiyasiga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi bayramini nishonlash maqsadida jo‘nab ketgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Sirdaryo viloyati delegasiyasi hamda Rossiya Federasiyasining Vladivostok shahri Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda 22 avgust kuni Vladivostok shahrining talabalik student-teatral “Andergraund” kompleksida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida bayram konserti o‘tkazildi.

Tadbirda Primorsk o‘lkasi hukumati rahbarining o‘rinbosari Yelena Bronnikova, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Vyetnam va Qirg‘iziston diplomatik korpus vakillari, Rossiya Federasiyasining Tashqi ishlar vazirligining mas’ul xodimlari, shuningdek Primorsk o‘lkasidagi vatandoshlar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida, Primorsk o‘lkasi hukumat rahbarining o‘rinbosari Ye.Bronnikova so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligi bilan O‘zbek xalqini samimiy qutladi. Qutlovda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilishi ma’lum qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatini yuqori baholadi. Ayniqsa, millatlararo bag‘rikenglik siyosati, barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlarda alohida o‘rni borligini quvonch va katta hurmat bilan tilga oldi. O‘lka rahbarining o‘rinbosari o‘z tabrigining so‘nggida O‘zbekiston – Rossiya o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik aloqalari bardavom bo‘lishiga hamma o‘z hissasini qo‘shishi kerakligini ta’kidladi. 

Shundan so‘ng, Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Shoxrux Isakulov so‘zga chiqib, Vladivostok shahrida yashab, mehnat qilayotan o‘zbekistonlik fuqarolarni davlat mustaqilligi bayrami bilan tabrikladi. Shuningdek, joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Prezidentlik saylovida fuqarolarni faol ishtirok etishiga chaqirdi. Bu borada Vladivostok shahridagi O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi huzurida saylov uchastkasi tuzilishi bo‘yicha ma’lumot ham berildi.

Bayramga bag‘ishlangan konsert dasturida O‘zbekiston xalq artisti Rushana Sultonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Asatillo Xoliqov, Shuhrat Vohidov, “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Ilyos Arabov, so‘z ustasi Valijon Shamshiyev, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Sirdaryo viloyati bo‘limi “Sharq Ziyo” vokal ansambli xonandalari Kamoliddin Dadaxonov, O‘tkirbek Asatullayev va sozandalar Ulug‘bek Turdiqulov, Sobirjon Mullayev, Yo‘ldosh Norbo‘tayev, raqqosalar Xurshida Akbarova, Nafisa Umarqulovalar ishtirok etib, bayramning yuqori saviyada o‘tkazishilida o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Konsert davomida o‘zbekistonlik vatandoshlarga o‘zbek milliy do‘ppilari, O‘zbekiston Respublikasi, xususan Sirdaryo viloyatining turistik salohiyatini targ‘ib qiluvchi jurnal, buklet, flayer va boshqa tarqatma materiallar tarqatildi va O‘zbekistonning taniqli shoirlari qalamiga mansub she’riy kitoblari sovg‘a qilindi. 

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish