Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Viloyat hokimi Qonliko‘lga bordi
Davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan respublikamiz viloyatlari Qoraqalpog‘istondagi tumanlarga biriktirilgan. Jumladan, Sirdaryo viloyati Qonliko‘l tumanini o‘z tajribasi asosida yana-da rivojlantirishga ko‘maklashyapti.

Ikki yildan ortiq vaqt davomida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun yangi ish o‘rinlari va munosib turmush sharoitini yaratish, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilib kelinmoqda.

Eng chekka mahallalardagi bunyodkorlik ruhini, ijtimoiy infratuzilma natijasini odamlar o‘z hayotida ko‘rmoqda. Xususan, qisqa fursatlarda 350 ta ehtiyojmand oilalarning turar joylari taʼmirlab berildi. 10 ta yangi uy-joy qurildi. Ushbu maqsadlar uchun 7 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.

Aholi hayotini yaxshilash, ishga solinmagan yangi zahiralarni safarbar etish, mahallalarda Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalarini ommalashtirishga yangi surʼat bag‘ishlash maqsadida viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev bir guruh masʼullar, tadbirkorlar Qonliko‘lda bo‘lib, mahalliy rahbarlar bilan birgalikda istiqboldagi rejalarni belgilab oldi.

Ishbilarmonlar bilan ochiq muloqotda muammolar muhokama qilinib, takliflar qo‘llab-quvvatlandi. Yangi loyihalar taqdimot qilindi.

Sirdaryolik tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan Qonliko‘lda hudud iqtisodiyotiga turtki beruvchi 2 ta yangi yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bular “Peng Sheng” MCHJning paxta yetishtirish va ip-kalava ishlab chiqarish korxonasi hamda “Intergrain” MCHJning donni qayta ishlash korxonasi. Ushbu quvvatlar 2025 yil yakuniga qadar bosqichma bosqich ishga tushiriladi. Natijada 400 ga yaqin mahalliy aholining bandligi taʼminlanadi.

Akmaljon Maxmudaliyev ishbilarmonlarga har tomonlama madadkor bo‘lib, loyihalarni jadallashtirish muhimligini taʼkidladi.

Bugungi kunda tumanda 54 ming nafarga yaqin aholi yashaydi. 24 ta maktab, 15 ta bog‘cha, 70 dan ortiq sanoat korxonalarida aholi doimiy ish bilan band.

Chorvachilik va dehqonchilikka ixtisoslashgan bu hududda 80 foiz xonadonlarda tomorqa bor. Hozirda Sayxunobod tajribasi asosida issiqxona tashkil etib, yiliga ikki marta hosil olishni yo‘lga qo‘yayotgan oilalar soni ko‘paymoqda.

Viloyat hokimi tomorqasidan omilkorlik bilan foydalanib, daromad topayotgan xonadonlarni kirib ko‘rdi. Xonadon egalari bilan suhbatlashdi. Ular insonning o‘zida harakat bo‘lsa, ko‘proq mehnat qilsa, yaxshi yashashi mumkinligi aytdi. Reja va niyatlari haqida so‘zlab berdi.

- Aholisi to‘liq ish bilan taʼminlangan hududga aylantirish mezonlaridan biri xuddi Sirdaryodagi kabi Qonliko‘l sharoitida ham, bu - yer. Aholi ixtiyorida tomorqalar, undan foydalanaman degan insonlar ham ko‘p. Faqat ularga yordam berish kerak,- dedi Akmaljon Maxmudaliyev.

«Mahalla yettiligi» va mutasaddilarga tijorat banklarini jalb etgan holda ikkilik, uchlik, to‘rtlik va beshlik “ijtimoiy paket” lar asosida issiqxona qurilmalari, asalari uyasi, chorva, parranda, ko‘chat va urug‘liklarni yaxlit to‘plam qilib, aholiga yetkazib berish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shundagina oilalarning daromadi, xarid qobiliyati oshishi, bu ularning hayot sifatida, salomatligida, farzandlari kamolida aks etib, jamiyat rivojiga hissa bo‘lib qo‘shilishi taʼkidlandi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish