Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Viloyat hokimining qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, qadrli quruvchi bunyodkorlar!

Barchangizni qurilish sohasi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

So‘nggi yillarda ulkan qurilish va bunyodkorlik makoniga aylangan Jonajon Vatanimizning yangi qiyofasini yaratishda sizlar singari o‘z kasbiga mehrli, burchiga sadoqatli, g‘ayrat-shijoatli ming-minglab bunyodkor insonlarning hissasini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.

Hech mubolag‘asiz aytishim mumkinki, sizlarning jonbozlik ko‘rsatib qilayotgan mehnatingiz hisobidan qurilish sohasi viloyatimiz iqtisodiyotining tayanch tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida qurilish ishlari hajmi 2023 yilga nisbatan 3 foizdan ziyod ortib, 1,7 trillion so‘mga yetgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Eng asosiysi, barcha sohalar qatori qurilish tarmog‘idagi ulkan ishlarimiz ham inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlashga qaratilmoqda. O‘tgan olti oyda 254 kilometr umumfoydalanuvdagi yo‘llar va 238 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari taʼmirlangani, 11 ta ko‘prik rekonstruksiya qilingani, shuningdek, 20 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i yangilanib, aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 87 foizga yetkazilgani ham shundan dalolat beradi.

Ayniqsa, keyingi yillarda xalqimiz uchun zamonaviy uy-joylar barpo etish bo‘yicha misli ko‘rilmagan natijalar qo‘lga kiritilayotganini alohida taʼkidlash lozim. Yaqindagina Yangiyer sharhidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishining ilk bosqichi yakunlanib, 400 xonadonli 20 ta uy-joylarning foydalanishga topshirilishi misolida bunga to‘la ishonch hosil qilish mumkin.

Bugungi quvonchli ayyomda mana shunday ezgu faoliyatingiz uchun sizlarga har qancha tashakkur aytsak arziydi, albatta.

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, tuganmas kuch-g‘ayrat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.

Shaharu qishloqlarimiz obodligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida qilayotgan mehnatlaringizni rohatini ko‘rib yuring, hech qachon kam bo‘lmang!

Akmaljon Maxmudaliyev,
viloyat hokimi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish