Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sektor rahbarlari qatʼiy ogohlantirildi, hokim o‘rinbosarlariga “hayfsan” berildi

Viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev Shirin shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, aholining yashash sharoitlari va hududdagi muammolarni o‘rgandi.

Qayd etish kerak, barcha hududlardagi kabi Shirinda ham katta o‘zgarishlar bo‘layapti. So‘nggi ikki yilda shaharga 74,9 million dollar investitsiya jalb qilinib, 61 ta yangi korxona ishga tushgan. Ularda 381 ta doimiy ish o‘rinlari yaratilgan. Tadbirkorlar soni 2 karra ko‘paygan.

Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida hudud infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 4 kilometr ichki yo‘llar asfaltlangan, 4 ta transformator punkti mukammal taʼmirlangan, 5,6 kilometr yangi elektr uzatish tarmog‘i tortilgan.

Ayni paytda "Tashabbusli budjet" loyihasi doirasida 5 ta obyektda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Tez fursatlarda "Janubiy Mirzacho‘l" kanali ustidan o‘tgan ko‘prikni rekonstruksiya qilish, Amir Temur va Farhod mahallalarida 40 xonadonga mo‘ljallangan 2 ta 5 qavatli uy-joy qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.

Lekin o‘rganishlar davomida maʼlum bo‘ldiki, shaharda hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar, dolzarb muammoli masalalar ham yetarlicha. Aholini barqaror ish va oylik bilan taʼminlaydigan kichik va o‘rta korxonalar kam. Tomorqalardan samarali foydalanish, bu borada "Sayxunobod tajribasi"ni ommalashtirish ishlari sut olib borilmoqda.

Masʼullarning eʼtiborsizligi tufayli istirohat bog‘i tashlandiq ahvolga kelib qolgan, bu yerda aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun shart-sharoitlar yetarlicha emas. “Yashil makon” loyihasi doirasida o‘tqazilgan ko‘chatlar qarovsiz yotibdi, sug‘orish tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan.

Ko‘p qavatli uylar oldidagi o‘yin va sport maydonchalari taʼmirtalab ahvolda. Mahallalar, ko‘chalar manzarasi havas qilarli darajada emas. Hashar, obodonlashtirish ishlarida aholining hamjihatligi aytarli sezilmaydi. Mavjud boshqaruv servis kompaniyalarining xizmat sifati haminqadar. Aholining shirkatlardan debitor qarzdorligi esa yuqori.

Mahallalar bilan tanishish uzoq davom etdi. Shundan so‘ng qator tadbirkorlik subyektlari faoliyati o‘rganildi. Ayrim tadbirkorlarning non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, tashish, sotish va ularni saqlashda sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilmayotgani qattiq tanqid qilindi.

Viloyat hokimi shahar sport maktabining akademik eshkak eshish bazasini ham kirib ko‘rdi, sportchilar bilan suhbatlashdi.

O‘rganishlar davomida aniqlangan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi, masʼuliyatsizligi uchun sektor rahbarlari qatʼiy ogohlantirildi, hokim o‘rinbosarlariga “hayfsan” berildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish