To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi. Insonning tabiati shunday – kimdir kutilmaganda aql o‘rgatsa, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsa, inkor qilib ko‘radi. Atrofiga qaraydi, mulohaza qiladi. Keyin o‘ylab ko‘radi. Yaxshi maslahat bo‘lsa qabul qiladi. Quruq gap bo‘lsa, eʼtibor qilmay qo‘yaqoladi.
Prezidentning Sirdaryoga tashrifidan bir kun oldin – 13 mart kuni sayxunobodlik bir yigit bilan suhbatlashib qoldim. Hozir o‘sha suhbat xayoldan o‘tar ekan, inson xarakteridagi qaysarlik yodimga tushib ketdi.
– Besh yillar oldin yigirma sotixli maydonga uy qurganman, – deydi suhbatdoshim qo‘limdagi yon daftarchaga sinchkov qarab olib. – Uy bir chetda qoldi, asosiysi, o‘n uch sotix tomorqaga ega bo‘ldim. Er-xotin uch farzandni tarbiya qilyapmiz. Qo‘shimcha daromad kerak. Hovliga Baxmaldan o‘n tup “besh yulduz”ning ko‘chatini keltirib ekdim. Ko‘rganman, bu olmaning bir tupi shunchalar katta bo‘lib ketadi, yarim tonnagacha hosil beradi. Xullas, ko‘chatlar uch-to‘rt yil yaxshi ko‘kardi, quloch-quloch novda surdi. Xayolda tonna-tonna olma. Keyin daraxtlarimizning avji qaytdi, ko‘p o‘tmay quridi. Mening ham shashtim sindi.
U suhbatimizni shu joyida to‘xtatmoqchi bo‘ldi nazarimda, lekin nimagadir davom etdi.
– Hozir tomorqani bedazorga aylantirganman, – deydi xotirjam. – Bir yilda uch marta o‘rib olaman, tashvishi kam. Bir million so‘mdan ortiq pul bo‘ladi. Ikkita sog‘in sigir boqamiz, ularga yemish o‘zimizdan chiqadi. Yerimizning sharoitini bilmaganlar tomorqada “unday qil, bunday qil”, deb maslahat berib qo‘ymaydi... Daftarchangizni ochmang, bu gaplarni yozish shart emas. Ismimni ko‘rsatmasangiz, yozsangiz ham mayli.
Ertasiga, davlat rahbari tashrifidan so‘ng o‘sha yigit bilan yana suhbatlashgim keldi. Qidirdim – topdim. Bu haqda so‘zimiz yakunida alohida to‘xtalaman.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 mart kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Sayxunobod tumanidagi Ittifoq mahallasida bo‘ldi.
Asosan dehqonchilik va xizmat ko‘rsatish sohasiga ixtisoslashgan bu mahallada 6 ming 700 nafarga yaqin aholi yashaydi.
– Umumiy tomorqa maydonlarimiz 185 gektarni tashkil etadi, – deydi mahalla raisi Vohidjon Umrzoqov. – Qator savdo do‘konlari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, fermer xo‘jaliklari, taʼlim tashkilotlari, tibbiyot muassasalarimiz bor. Bu resurslar aholimiz bandligini taʼminlash uchun yetarli bo‘lmayapti. Ayni paytda mehnatga layoqatli yuz nafar ishsiz fuqaromiz bor. O‘tgan yili aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun 140 ta loyihaga kredit berilgan. 137 kishiga dehqonchilik qilish uchun uzoq muddatga yer ajratilgan.
Prezidentimiz mahallada aholi daromadini oshirish, buning uchun tomorqa imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligini taʼkidladilar. Biz bu bo‘yicha endi alohida ish olib boramiz, tajriba uchun bir qancha xonadonlarda qator loyihalar yo‘lga qo‘yildi. Odamlarimiz tomorqadan qanday natija olishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin. Aniq fakt va amaliy natijalar ko‘rinib turganidan keyin targ‘ibot ishlarimiz o‘z samarasini berishi shubhasiz.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bu tuman aholisiga qo‘shimcha yer ajratish zarurati yo‘q. Chunki Sayxunobodda tomorqalar o‘rtacha 20 sotix atrofida taqsimlangan. Bu kichkina raqam emas, undan to‘liq foydalanilmayotgani achinarli.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 martda “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat asosida masʼul vazirlik va idoralarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Xususan, hududlarda joriy yilda aholi tomorqa va yer uchastkalarida bahorgi, takroriy va to‘qsonbosti usulida ekinlar ekish, jumladan, 252 ming gektar maydonga uch marta hosil olishni nazarda tutuvchi qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va mahsulot yetishtirish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar ishlab chiqiladi. Bu kabi xayrli tashabbus samara berishi, albatta, bir qator omillarga bog‘liq.
Shuni inobatga olib, qarorda 2024 yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish va aholining mazkur sohada bilimini oshirish uchun 54 ta tumanda namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Sayxunobod ana shu tumanlar ro‘yxatida bor.
– Shu o‘rinda savol tug‘iladi, bu tuman nima uchun ushbu ro‘yxatga kiritildi, – deydi O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov. – Bu hududda aholi tomorqalari nisbatan katta – 15-20 sotix atrofida. Aholi o‘z yer maydonining imkoniyatidan to‘liq foydalanmaydi. Masala taqqoslanganda yaqqol ko‘rinadi. Aytaylik, Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi 6 sotix tomorqadan olinayotgan daromad bu yerdagi katta tomorqalardan olinayotgan daromaddan bir necha hissa ko‘p. Shuni hisobga olgan holda bu mahalladagi bir qancha xonadon tomorqalarida turli yo‘nalishlarga ixtisoslashgan namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etildi. Yer egalarining bilimini oshirish uchun mutaxassislar biriktirildi. Bu tajribaning natijasi boshqa tomorqa egalariga ko‘rsatiladi. Inson tabiati shunday, eshitgandan ko‘ra o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, yaxshi qabul qiladi.
Namunaviy o‘quv-tajriba maydonlaridan biri shu yerdagi 24-uyning tomorqasida tashkil etildi. Risolat G‘ulomovaga qarashli bu xonadon tomorqasi ham 14 sotix. Uy egalari shu paytgacha yer maydonining o‘ttiz foiz imkoniyatidan foydalanib kelganini yashirmaydi. Ular avvallari faqat sabzi, sarimsoq piyoz va bir necha tup mevali daraxt parvarish qilish bilan shug‘ullangan. Bugun ular har qarich yerdan unumli foydalanmoqda. Hokimlik va mutasaddi tashkilotlar ko‘magida Moʻjazgina intensiv bog‘ yaratildi. Buning uchun hudud iqlimiga mos, chuqur tomir otmaydigan 40 tup olma, 30 tup tok ko‘chatlari ekildi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu tuman hududida sizot suvlar yaqinligi sababli o‘q ildizli, katta daraxt ko‘chatlarini ekish samara bermaydi.
Ko‘chat oralarida sabzi, sarimsoq piyoz, turli ko‘katlar yetishtirilmoqda. Ikki sotixli issiqxonada 30 tup limon, qator oralarida esa pomidor va qulupnay yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Tomorqa adog‘ida 50 ta tovuq, 20 bosh quyon, 10 ta qutida asalari va 2 bosh sog‘in sigir parvarish qilinmoqda. Xonadonda 5 sotix yer maydonidan bir qancha yo‘nalishda bir yilda umumiy hisobda 70 million so‘m atrofida sof foyda olishi kutilmoqda.
Mahalladagi 28-uy tomorqasida akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tez hosilga kiruvchi 50 tup olma ko‘chati, 20 tup anor ekildi. Qator oralariga Sirdaryo iqlimiga mos 12 ming dona terak qalamchalari parvarish qilinmoqda.
Bundan tashqari, ikki sotixli issiqxonada ko‘katlar, pomidor yetishtirilmoqda.
Bu xonadon egasi Zulfiya Nuraliyeva. Turmush o‘rtog‘i vafot etgan. Bir o‘g‘il, u uch qizni katta qilgan. Xonadon tomorqasidan samarali foydalanish loyihasi ularga juda manzur bo‘ldi. Endi ular yiliga 90 million so‘m atrofida daromad qilish imkoniga ega bo‘ldi. Avvallari bu tomorqada o‘n-o‘n besh tup mevali daraxt, qator oralarida esa beda ekilgan edi. Mevali daraxt hosili ro‘zg‘ordan ortmagan.
Mahallaning yana bir vakili Hasan Qo‘ldoshev xususiy korxonada hisobchi bo‘lib ishlaydi. Turmush o‘rtog‘i Feruzaxon hamshira. Ular uch farzandni tarbiyalamoqda. Bolalar uy-ro‘zg‘or yumushlariga ko‘makchi bo‘lib qolishgan.
Umuman olganda, bu oilaning moddiy daromadi yomon emas, lekin qo‘shimcha mablag‘ dasturxonlarning yana-da to‘kinligiga, farzandlar kelajagiga daxldor masala sanaladi. Shu jihatni inobatga olgan holda ularning xonadonida asosan chorva va parranda yetishtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tomorqada esa sabzavot ekinlari – kartoshka, pomidor va ko‘katlar yetishtiriladi.
Tomorqa etagida joylashgan molxonada ikki bosh qoramol, yettita qo‘y, 120 ta tovuq boqilmoqda. Uy egalari farzandlarni mehnatga o‘rgatish tarbiyaning muhim qismi ekanini taʼkidlaydi.
Mahallada yana bir qancha turli loyihalarga mo‘ljallangan xonadonlar mavjud. Mahalla ahli, umuman, sayxunobodliklar bunday xonadonlarda tomorqachilikning o‘ziga xos usuli yo‘lga qo‘yilganiga katta qiziqish bildirmoqda. Ular bu tajribani o‘rganishga, o‘zlari ham amalda qo‘llashga harakat qilishlarini taʼkidlamoqda.
Endi so‘zimiz boshidagi suhbatning davomi qanday bo‘lgani haqida to‘xtalamiz. Taʼkidlanganidek, olma parvarishiga ishtiyoqmand o‘sha yigitni topdim. U Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari bilan suhbatlashmoqda. Bu muloqotni bo‘lishini o‘zim uchun maʼqul topmadim.
4 650,6 mlrd so‘m, 105,8 %
2024-yilning yanvar–mart oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foizi
2 745,2 mlrd so‘m, 60,0 %
2024-yilning yanvar–mart oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foizi
917,943 kishi, 101,9 %
2024 yilning aprel oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foizi
697,3 mlrd so‘m, 105,5 %
2024-yilning yanvar–mart oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foizi
1 156,6 mlrd so‘m, 105,1 %
2024 yilning yanvar–mart oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foizi
Yangi 520 ta, 78,4 %
2024-yilning yanvar–mart oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foizi