Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
“Sirdaryo tajribasi” – sadoqat namunasi” ekanligini namoyon qilishda fidoyilik va faollik ko‘rsataylik!

Sirdaryo viloyatining xalq deputatlari, mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari, tadbirkorlar hamda agroklaster egalarining viloyat aholisiga

MUROJAATI

Aziz sirdaryoliklar!

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning viloyatimizga tashriflari chog‘ida belgilab berilgan ustuvor vazifalar Sirdaryo viloyatining yaqin istiqboldagi rivojlanish strategiyalarini o‘zida mujassam etadi.

Xususan, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Davlatimiz rahbari viloyatimizni kambag‘allik, ishsizlik va jinoyatdan xoli hududga aylantirish hamda boshqa bir qator muhim sohalarda “Sirdaryo tajribasi”ni yaratishni ustuvor vazifa sifatida belgilab berdilar.

O‘tgan yillarda viloyatimizda boshlangan “besh tashabbus”“ishsizlikdan xoli hudud”“mahalla yettiligi”, hududlarda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha “Sayxunobod tajribasi” kabi zamon talablaridan kelib chiqqan ilg‘or g‘oyalar Prezidentimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlangani, butun mamlakatga yoyilgani, ular asnosida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani barchamizga sir emas.

Shu nuqtai-nazardan, hurmatli Prezidentimiz belgilab bergan sohalar bo‘yicha “Sirdaryo tajribasi”ni yaratish – sadoqat namunasi” ekanligini amalda taʼminlashda nafaqat masʼul rahbarlar, balki barcha sirdaryoliklar bir yoqadan bosh chiqarib fidoyilik va faollik ko‘rsatishi insoniy burchimizdir.

Qadrli vatandoshlar!

Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, viloyatda rasman 26,8 ming nafar fuqaro ishsiz deb qayd etilgan. Bu oyda yana 14,8 ming bitiruvchilar mehnat bozoriga kirib keladi.

2024-yil boshida hududimizdagi 126,1 ming aholining daromadi past bo‘lib, kambag‘allik darajasi 13,8 foizni tashkil etgan.

Xususan, yil boshida 28,5 mingdan ziyod kambag‘al oila ro‘yxatga olingan bo‘lib, hozirga qadar amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida ularning 5,4 mingga yaqini kambag‘allik darajasidan chiqarildi.

Bu borada qolgan 23,1 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarni ham kambag‘allikdan chiqarish viloyatimizni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishga xizmat qilishi barchamizga maʼlum.

Binobarin, aholi bandligini taʼminlash, kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etish, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar, tadbirkor va fermerlar, bir so‘z bilan aytganda, “jonajon Vatanimizning rivojiga hissa qo‘shaman”, degan har bir yurtdoshimizning oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Negaki, kishi qachon mehnatda band bo‘lib, barqaror ish faoliyati bilan shug‘ullansa, oilasi farovon bo‘lsa, o‘shanda o‘ziga nisbatan ishonchi ortadi, davlatimizning taraqqiy etishiga umid bilan qaraydi, jamiyatimizdagi kechayotgan jarayonlarga, keng ko‘lamli islohotlarga daxldorlik hisini tuyadi.

Qolaversa, bandligi ortidan kelgan daromadiga oilasini boqadi, turmushi farovon bo‘ladi, orzu-havaslariga erishadi.

Bu borada viloyatda 143 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ishlab chiqilgan va xalq deputatlari viloyat, tuman va shaharlar kengashlari sessiyalarida tasdiqlangan rejalarning ijrosini taʼminlash dolzarb ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, viloyatimizdagi 239 ta mahallaning drayveridan kelib chiqib, shakllantirilgan 2 390 taga yaqin loyihalarni ishga tushirish, sanoat korxonalari tomonidan 18,1 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish, ip-kalavani qayta ishlashni 52,8 foizdan 64,1 foizga olib chiqish, eksportni hozirgi 340 mln dollardan 500 mln dollarga oshirish ustuvor vazifamizdir.

O‘ylaymizki, hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari asosida aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha yaratilgan “Sayxunobod tajribasi”, “Uychi tajribasi”ni joriy etishda bandlik va bank tizimi xodimlari, har bir mahallaning “yettiligi”, tadbirkorlar, agroklasterlar rahbarlari va fermerlar jonbozlik ko‘rsatadilar.

Bunda, hududdagi yetakchi tadbirkorlarni jalb qilgan holda layoqatiga mos ravishda chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik kabi tarmoqlar bilan birga tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish, shuningdek, issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish va buning natijasida namunali oilalarni bir yilda
50 million so‘mdan oshirib daromad topishiga ko‘maklashish chora-tadbirlari ko‘riladi.

Mahallalarga biriktirilayotgan tijorat banklari masʼullari joylardagi hokim yordamchilari ko‘magi bilan namunali xonadonlarda daromad manbaini yaratish, tomorqa madaniyatini shakllantirish, sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish, ko‘chat o‘tqazish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, qolaversa, aholiga savdo va xizmat ko‘rsatish, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish ishlariga ko‘maklashib kelishmoqda.

“Sayxunobod tajribasi” yerlardan yana-da samarali foydalanish, dehqonlar uchun bozor topishga ko‘maklashish, tadbirkorlarni sifatli urug‘ va dori vositalari bilan taʼminlash, tadbirkorlarning eksportiga amaliy yordam berish, yer munosabatlarini shakllantirish kabi muhim islohotlarni o‘z ichiga oldi.

Hurmatli mahalla faollari va jamoatchilik vakillari!

Yil boshida viloyatimizda doimiy yashash manzillaridan 36,5 ming nafarga yaqin yurtdoshimiz uzoq muddatga xorijiy davlatlarga ketgan bo‘lib, sizlarning sektorlar rahbarlari, prokuratura va ichki ishlar idoralari xodimlari hamda kasaba uyushmalari bilan yaqin hamkorlikda olib borilgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlaringiz natijasida 7,4 mingdan ortig‘i o‘z oilalari bag‘iriga qaytib kelishdi.

Bu borada sektorlar rahbarlari, 239 ta mahallaning har biridagi “yettilik” tomonidan tashqi migratsiyada yurgan vatandoshlarimiz bilan doimiy tarzda onlayn muloqotlar o‘tkazib borilib, qaytib kelgan fuqarolarning bandligi taʼminlanmoqda.

Qadrli deputatlar, mahalla faollari, nuroniylar!

Xalqimizning “Bolaning begonasi bo‘lmaydi!”, “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona” kabi purmaʼno maqollari va daʼvatlarni amaliy harakatga aylantirishimiz kerak.

Ayni paytda, aziz dilbandlarimizning kamoloti, ularning yaxshi o‘qib, xalqqa nafi yetadigan kasb-hunarlarning egalari bo‘lib voyaga yetishlari har bir ota-ona, mahalla va butun jamiyatimiz uchun oliy maqsadlardan biri ekanligini yaxshi tushunamiz.

Bu borada hurmatli Prezidentimizning tashabbuslari bilan ilk marotaba joriy yildan boshlab viloyatimizda 11 ta umumtaʼlim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilariga darsdan so‘ng korxona va tashkilotlarda kasb-hunarni o‘rganish hamda oylik ish haqqi evaziga ishlash amaliyoti joriy etiladi.

Bularning bari“Sirdaryo tajribasi” bo‘ladi, albatta.

Binobarin, har bir o‘quvchining o‘qish davridayoq mustaqil ravishda o‘zi qiziqqan kasb-hunarning haqiqiy egasi bo‘lishini taʼminlashga ko‘maklashish har birimizning insoniy burchimizdir. Shundagina, bola maktab ostonasidan o‘ziga ishonch bilan mustaqil hayotga qadam qo‘yadi, o‘zi shug‘ullanadigan kasbi — ish joyi mavjud bo‘ladi.

Eng muhimi, yoshlarimizni barqaror ish o‘rinlari bilan band qilsak, ular ongida turli buzg‘unchi g‘oyalarga joy qolmaydi, jamiyatimizning ijtimoiy faol aʼzosiga aylanadi.

Barchamizga maʼlumki, har qanday jinoyat, zo‘ravonlik – bu adolatning buzilishi, haqiqatning sinishiga olib keladi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatimizdagi 239 ta mahallaning
80 tasida jinoyat sodir etilganligi, 21 tasida esa jinoyat oshganligi barchamizni chuqur tashvishga solishi, tabiiy.

Jinoyatchilikning asl ildizi ko‘p hollarda bekorchilikka borib taqaladi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish