Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Tadbirkorlik – tashabbusni talab etadi
Biznesni rivojlantirish banki (BRB) tomonidan jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Boyovut tumani “Yangi avlod” MFYda joylashgan Akrom Musulmonqulovning “OKEAN BOTTLERS” ichimlik suvi ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Ushbu korxona rahbari Biznesni rivojlantirish bankidan olingan 100 million so‘m kredit hisobiga ichimlik suvi ishlab chiqarish uchun kerakli uskuna va jihozlar sotib olgan.  

Hozirda ushbu ishlab chiqarish korxonasining yillik daromadi o‘rtacha 160 million so‘mni tashkil etmoqda. Bu yerda 20 dan ziyod kishi ish bilan taʼminlangan.  

– Maqsadimiz aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash, – deydi korxona rahbari A.Musulmonqulov. – Uskuna va jihozlar Xitoy va Ukraina davlatidan keltirilgan. Korxonada toza ichimlik suvidan tashqari 18 turga yaqin salqin ichimliklar ishlab chiqariladi. Filtrlangan “OKEAN BOTTLERS” suvining boshqa suvlardan afzalligi yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilishi hamda 8 xildan iborat suvni to‘yintiruvchi elementlar qo‘shilganligidadir.

Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, Guliston shahri “Nurafshon” mahallasidagi  surayyo Hakimova xonadonida bo‘ldi. “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi”da o‘qib 100 millionlik kreditga ko‘rpa qavish dastgohini sotib olgan tadbirkor 10 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlagan. U o‘z yashash manzilida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, kelajakda o‘z biznesini yana-da kengaytirishni maqsad qilgan.

– Mahallamizda Surayyo Hakimova kabi o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan, hunarmandchilik, kasanachilik, yozgi-qishki xalatlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar ko‘p. Ular ham kelgusida o‘zining kichik biznesini markazda o‘qish orqali kengaytirish va kredit olib yuzlab ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgan, – deydi “Nurafshon” mahalla xotin-qizlar faoli Munavvar Nuraliyeva.  

Tadbir ishtirokchilariga kichik biznesga ko‘maklashish markazida yaratilgan sharoitlar, jumladan, loyihalarni tanlab olish va tadbirkorlikka o‘qitish tartiblari katta taassurot qoldirdi.

– Sirdaryo viloyatida 1 300 dan ziyod o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolar o‘qitilib, BRBdan kredit olib berildi, – deydi markaz rahbari Jasur Tilakov. – Maqsadimiz tashabbuskorlarni o‘qitish, moliyalashtirish, bozor topish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatish chora-tadbirlarini amalga oshirish.  

Tadbir yakunida OAV vakillariga “Biznesni rivojlantirish banki” faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va joriy etilgan bank xizmatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.  

 

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish