Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoda O‘zbekiston madaniy merosiga oid kitoblarni bepul topshirish aksiyasi o‘tkazildi

Guliston shahridagi «Yoshlar markazi»da O‘zbekiston madaniy merosiga oid kitoblarni bepul olish uchun sertifikatlarni topshirish aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan O‘zbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda 300 dan ortiq kitob oluvchilar ishtirok etdi.

«O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar: asrlar qaʼridan taralayotgan nur» deb nomlangan mazkur media tadbirida mamlakatimiz meʼmoriy yodgorliklaridagi bitiklar sirlarini ochib bergan 20 jildlik kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Sirdaryo viloyati hokimi maslahatchisi G‘aybulla Yusupov ushbu kitoblar yoshlarda ajdodlarning ko‘p sonli madaniy merosi bilan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. «Viloyatdagi barcha umumtaʼlim maktablari va axborot-kutubxona markazlari ushbu kitob nusxalari bilan taʼminlangani yosh avlodning meʼmoriy yodgorliklarni chuqurroq anglash va o‘rganishiga xizmat qiladi», dedi u.

– Mazkur tadbirni tashkil etishda ko‘rsatgan ko‘mak uchun Sirdaryo viloyati hokimligi, Sirdaryo viloyati maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi boshqarmasi, shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasiga minnatdorlik bildiramiz, – dedi loyiha muallifi, WOSCU boshqaruvi raisi doktor Firdavs Abduxoliqov. – Ushbu kitob-albomlarning topshirilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz madaniy merosini o‘rganish va ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslari hayotga tatbiq etilayotganining yorqin dalilidir. WOSCU olimlari mamlakatimiz yodgorliklaridagi bitiklarni ochish bo‘yicha mashaqqatli ishlarni amalga oshirdi va bugungi kunda davlat mablag‘lari hisobidan chop etilayotgan kitoblar mamlakatimizdagi barcha maktab kutubxonalari uchun qimmatli manbaga aylanadi. Ushbu kitoblar O‘zbekiston madaniy merosini yaxshiroq tushunish va qadrlashda yordam beradi.

– Bugun biz ajoyib tadbirda qatnashdik, – deydi Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazi madaniy-maʼrifiy va yoshlar bilan ishlash sektori mudiri Xurshida Risqulova. – Obidalarimiz haqida juda kerakli va qiziqarli maʼlumotlar oldik. Albatta, endi bu maʼlumot va bilimlarni bizga berilgan kitoblar orqali yoshlarimizga yetkazamiz.

Tadbir doirasida sharqshunos olimlarning O‘zbekiston meʼmoriy yodgorliklarida olib borilayotgan chuqur izlanishlari va tadqiqotlarining ahamiyatini ochib beruvchi hujjatli filmlar va maʼruzalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ahmadali Shernazarov,
«Xalq so‘zi».

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish