Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Ummon kompaniyasi Sirdaryoga investitsiya kiritmoqchi

Viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev "Albahar Trading Business Agency" kompaniyasi bosh direktori Al-Baxar Al-Ravas Said Salim Muxammedni qabul qildi. "Tadbirkorlar va hunarmandlar markazi"da o‘tgan uchrashuvda ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan yangi loyiha xususida fikr almashildi.

Viloyatimizda har yili 150 tonnaga yaqin ipak tolasi va ipak momig‘i tayyorlanadi-yu, lekin undan deyarli tayyor mahsulot ishlab chiqarilmaydi. Shu bois kompaniya Sirdaryoda ipakdan gilam to‘qish korxonasini barpo etishni rejalashtirmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulot to‘liq eksportga yo‘naltiriladi. Kompaniya mutaxassislari bir yil davomida mahalliy ishchilarga o‘z tajribalarini o‘rgatadi.

Maʼlumot o‘rnida, 25 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelayotgan "Albahar Trading Business Agency" kompaniyasi sifatli ipak va jun mahsulotlaridan gilam ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda yetakchi hisoblanadi. Asosiy ishlab chiqarish quvvatlari Hindistonda joylashgan. Qo‘l mehnati bilan to‘qilgan gilamlar dunyoning 45 mamlakatiga eksport qilinadi.

Muloqot chog‘ida investorga mazkur yo‘nalishda viloyatdagi mavjud imkoniyatlar, zaruriy xomashyo va ishchi kuchi haqida maʼlumot berildi. Loyihani hozirgi kun talablariga mosligini qayd etgan viloyat hokimi, uni tezroq va muvaffaqiyatli amalga oshirilishida har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanligini bildirdi.

Yakunda bu borada o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mehmonlar, shuningdek, sirdaryolik hunarmandlar faoliyati va gilam to‘qish jarayoni bilan ham yaqindan tanishdilar.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish