Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
“Turon yo‘lbarslari” harbiy sport musobaqasining respublika bosqichi g‘olibi aniqlandi

Ilk bor Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan "Turon yo‘lbarslari" harbiy sport musobaqasining respublika bosqichiga Sirdaryo viloyati mezbonlik qildi.

Ikki kun davom etgan musobaqada respublikamizdagi mavjud 9 ta ijod maktabi jamoalari 5 ta — “Temur tuzuklari” bilimdoni, kamondan o‘q otish, qurolni to‘liq bo‘lmagan qismlarga ajratish va yig‘ish, sport qurolidan o‘q otish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish shartlarida o‘zaro kuch sinashishdi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun “Harbiy qismda bir kun”, “Gulxan atrofida ijodiy kecha”, “Uch avlod uchrashuvi” kabi tadbirlar, Guliston shahri hamda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga sayohat tashkil qilindi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining “Sohibqiron” jamoasi uchinchi, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining “Vatanparvar” jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘ringa Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining "Yosh gvardiyachilar" jamoasi munosib deb topildi.

Taqdirlash marosimida viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri o‘rinbosari Farxod Boqiyev ishtirok etib, barcha ishtirokchilarni qutladi.

G‘olib jamoalarga diplom, medallar va qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish