Dushanba, 30 Dekabr 2024, 11:41:41
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Ochiq majlislarda ishtirok etish tartibi

“Аxborotdan foydalanuvchilarning Sirdaryo viloyati hokimligi ochiq majlislarida ishtirok etish tartibi toʼgʼrisida”gi

NIZOM

Mazkur Nizom “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, axborotdan foydalanuvchilarning Sirdaryo viloyat hokimligi ochiq majlislarida hozir boʼlish tartibini belgilaydi.

1-bob. Umumiy qoidalar

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga asosan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari (jumladan, viloyat hokimligi)ning faoliyati toʼgʼrisida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchi hisoblanadi.
Mazkur Nizom talablari Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan ochiq majlisda ishtirok etish uchun taklif etilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Sirdaryo viloyati hokimligining majlislari ochiq tarzda oʼtkaziladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Sirdaryo viloyati hokimligi faoliyatiga oid axborotdan foydalanuvchilarning tanishib chiqishlari uchun binoning hamma kirishi mumkin boʼlgan xonalarida yoki maxsus ajratilgan joylarida ochiq majlislarni oʼtkazish rejalari, shu jumladan majlislarning kun tartibi loyihalari, ular oʼtkaziladigan sana, joy, vaqt hamda zarur axborot axborot stendlari yoki shunday maqsad uchun moʼljallangan texnik vositalarga majlis oʼtkazilishidan kamida uch kun oldin joylashtirilishi shart.

2-bob. Axborotdan foydalanuvchilarning ochiq majlislarda hozir boʼlishi

Axborotdan foydalanuvchi Sirdaryo viloyati hokimligining majlislarida hozir boʼlishi uchun viloyat hokimligiga soʼrov bilan murojaat qiladi. Soʼrov “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasida belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtirilishi lozim.

Axborotdan foydalanuvchining identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan maʼlumotlar koʼrsatilmagan soʼrovlar anonim hisoblanadi va koʼrib chiqilmaydi.

Soʼrov kelib tushgan kuni Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan alohida maxsus jurnalda roʼyxatga olinadi va zudlik bilan koʼrib chiqiladi. Mazkur jurnal majlis kotibi tomonidan yuritiladi.
Soʼrovga asosan majlis kotibi axborotdan foydalanuvchini ochiq majlisda ishtirok etuvchilar roʼyxatiga kiritadi hamda bu haqda foydalanuvchiga maʼlum qiladi. Ochiq majlisning oʼtkazilish sanasi, vaqti yoki joyi oʼzgargan taqdirda, bu haqda foydalanuvchiga maʼlum qilinadi.
Axborotdan foydalanuvchilar ochiq majlisga shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida kiritiladi.
Axborotdan foydalanuvchi ochiq majlisga kelmagan taqdirda, majlis kotibi tomonidan bu haqda maxsus jurnalga yozib qoʼyiladi.
Sirdaryo viloyati hokimligi mavjud imkoniyatlaridan hamda axborotdan foydalanuvchilar sonidan kelib chiqib, ochiq majlis oʼtkaziladigan zalda axborotdan foydalanuvchilar uchun joy tayyorlanadi. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq majlis oʼtkaziladigan zalga maxsus jurnaldagi qayd etish ketma-ketligi asosida joylashtiriladi.

Axborotdan foydalanuvchilar sonining koʼpligi sababli, ularni ochiq majlis oʼtkazilayotgan zalga joylashtirish imkoni boʼlmagan taqdirda, ular majlisning borishini video tasvir orqali moneliksiz kuzatib borishlari mumkin boʼlgan xonaga joylashtiriladi.

Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan axborotdan foydalanuvchilar ochiq majlisning borishini video tasvir orqali moneliksiz kuzatib borishlari uchun ajratilgan xona jihozlab qoʼyiladi.
Axborotdan foydalanuvchilar ochiq majlis boshlangunga qadar belgilangan joyga etib kelishi, roʼyxatdan oʼtishi va belgilangan joyga oʼtirishi lozim. Axborotdan foydalanuvchilar raislik qiluvchi tomonidan majlis boshlanganligi eʼlon qilingandan soʼng kelgan taqdirda, kechikib kelgan hisoblanadi va ular majlisga qoʼyilmaydi.
Axborotdan foydalanuvchi Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan tasdiqlangan ochiq majlisning reglamentida belgilangan tartibda majlisda savollar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Axborotdan foydalanuvchi tomonidan majlis davomida majlis kun tartibiga taalluqli boʼlmagan va ushbu majlisda muhokama qilinmagan masalalar boʼyicha fikr-mulohazalar bildirilgan yoki savollar bilan murojaat etilgan taqdirda, unga mazkur masala boʼyicha axborot olish tartibi tushuntiriladi.
Axborotdan foydalanuvchi majlis oʼtkazilayotgan vaqtda tartibni buzmasligi shart. Axborotdan foydalanuvchi majlis oʼtkazilayotgan vaqtda tartibni buzgan taqdirda, raislik qiluvchi tomonidan ogohlantiriladi.

Axborotdan foydalanuvchi tartibni takroran buzgan taqdirda, u raislik qiluvchi tomonidan majlis oʼtkazilayotgan zaldan chiqarib yuboriladi. Mazkur holat yuzasidan majlis kotibi dalolatnoma tuzadi va dalolatnoma raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.

Axborotdan foydalanuvchilarga ochiq majlisni fotosuratga, video tasvirga olishga, ovoz yozish vositalaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Majlis bayonnomasida ochiq majlisda hozir boʼlgan axborotdan foydalanuvchilarning ishtiroki haqida tegishli maʼlumotlar koʼrsatilishi lozim.

3-bob. Yakuniy qoida

Mazkur Nizom Oʼzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oʼzbekiston Matbuot va axborot agentligining 2015 yil 25 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan namunaviy Nizomga muvofiq ishlab chiqildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish