Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
eye Ko'zi ojizlar uchun
Poliklinika binosi ishga tushdi

Sirdaryo tumanidagi Orzu, Turkiston va Ahillik mahallalaridagi 9 mingdan oshiq fuqaroga tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun "Orzu" oilaviy poliklinikasi 2,2 milliard so‘m davlat dasturi asosida yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.

– Mazkur oilaviy poliklinika binosi 1965-yilda qurilgan,  taʼmirtalab bo‘lib qolganligi tufayli muassasada faoliyat olib borayotgan 7 nafar tor doiradagi shifokor, 3 nafar oilaviy shifokor, 27 nafar hamshiradan iborat 4 ta tibbiy brigada va mahallalar aholisi uchun noqulayliklarni tug‘dirayotgan edi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Sanʼat Qodirov. – Shu boisdan ham, poliklinika binosi o‘tgan 2024-yil boshida davlat dasturiga kiritilib,  yangidan qurildi.  

Tor doiradagi va oila shifokorlari ishlashi, bemorlarning kelib-ketishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, UTT kabi tibbiy diagnostika apparati, tibbiy jihozlar keltirildi. Eng asosiysi, 7 o‘rinlik kunduzgi bo‘lim ham tashkil etildi.

Bundan tashqari, poliklinika 120 turdagi dori vositalari bilan taʼminlanib, surunkali kasalligi bor bemorlarga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining Reimbursatsiya dasturi doirasida  27 turdagi bepul dori berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu binoning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat sog‘liqni saqlash, tuman hokimligi vakillari, tibbiyot xodimlari, nuroniy va mahalla faollari ishtirok etib, shart-sharoit bilan tanishdi.

– Eski poliklinika o‘rnida yangi poliklinika binosining qad rostlagani bir quvonchimizga o‘n quvonch qo‘shdi, – deydi oilaviy shifokor U. Yusupov. – Chunki, ishlashimiz, aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatishimiz uchun boshqa birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan qolishmaydigan sharoitlarning yaratilgani biz shifokorlarda katta taassurot qoldirdi.  

Poliklinika ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, tuman hokimligi vakillari, faxriylar ishtirok etib, yangi bino, unda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish