Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
eye Ko'zi ojizlar uchun
Yangiyerda yangi loyihalar ishga tushdi
Joriy yilning 17-iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish surʼatlarini taʼminlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tuman darajasida “Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, savdo, xizmat va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida kamida 5-7 tadan “drayver” loyiha ishlab chiqilib, sanoat zonalaridagi bo‘sh turgan obyektlarga joylashtirilishi belgilangandi.

Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida ham Zarbdor tajribasi asosida hududiy investitsiya dasturi ishlab chiqilib, sanoat zonasida bo‘sh, foydalanilmay turgan obyektlar ishonchli investorlarga investitsiya kiritish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, oziq-ovqat, tekstil, mebelchilik, elektrotexnika, qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yo‘lga quyish sharti bilan berildi.

Buning natijasida yaqinda "Inter Tradin Group” MCHJ tomonidan kunlik quvvati 180 tonna bo‘lgan un ishlab chiqarish, “Yangiyer Flour Trading” MCHJ tomonidan yillik quvvati 35 mln dona bo‘lgan qop ishlab chiqarish, "Farm Agroimpeks" MCHJ tomonidan 2 gektar yer maydonida gidroponika usulida qulupnay, bodring hamda pomidor mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan zamonaviy issiqxona, “Shipa-Tex” MCHJ tomonidan 200 o‘rinlik maktabgacha taʼlim muassasasi loyihalari amalga oshirildi. 

Ushbu loyihalarni ishga tushirish uchun investorlar tomonidan 86,8 milliard so‘m investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilib, qo‘shimcha 230 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Yangiyerda Zarbdor tajribasi asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida bugungi kunda 158 milliard so‘mlik 93 ta loyiha amalga oshirildi. Qo‘shimcha 604 ta yangi ish o‘rni yaratilib, ishsiz va daromadi kam bo‘lgan yigit-qizlarning bandligi taʼminlandi. 

–Bundan tashqari, Yangiyer sanoat zonasida Zarbdor tajribasi asosida qiymati 321 mlrd so‘m bo‘lgan yana 18 ta yangi loyiha ishga tushadi. Ushbu loyihalar hisobiga 290, 9 milliard so‘mlik qo‘shimcha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Buning hisobiga ishlab chiqarish hajmi hozirgiga qaraganda 130 foizga ortadi. Bu esa, o‘z navbatida, eksport hajmi ortishi, yana 825 nafar ishsiz yoshni ish bilan taʼminlash imkonini beradi,–deydi Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov.

Bu loyihalarning ishga tushirilishi natijasida Yangiyer shahrining iqtisodiy imkoniyatlari bir necha marotabaga ortadi. Ishsiz aholi soni sezilarli darajada kamayib, ularning daromadi oshadi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish