Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Yangiyer shahriga hokim tayinlandi
Xalq deputatlari Yangiyer shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev, shahar Kengashi deputatlari, viloyat va shahar sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Yangiyer viloyatimizning katta ishlab chiqarish hajmlariga ega bo‘lgan hududlardan biri sanaladi. So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq shaharda ham qator ijobiy ko‘rsatkichlarga erishildi.

Xususan, shaharda bugungi kunda 200 dan ortiq sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda, ular tomonidan 2021 yilda 672 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan 4,5 baravarga ko‘p. Shuningdek, 2017 yilda 122,0 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 323,3 milliard so‘mni yoki 2017 yilga nisbatan 2,5 baravarga o‘sgan.

Sessiya avvalida viloyat rahbari hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

"Yangiyer shahrida ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish va xalq farovonligini oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 may kuni viloyatga tashrifi davomida “Yangiyer sanatoriy”sini qayta tashkil etish bo‘yicha bergan topshirig‘i asosida eski sanatoriy o‘rnida 250 o‘rinli yangi tipdagi zamonaviy “Yangiyer sanatoriysi" foydalanishga topshirildi. Kadrlar salohiyati va taʼlim sifatini oshirish borasida Toshkent Kimyo-texnologiyalari institutining Yangiyer filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilib, hozirda ushbu institutda 1200 nafar talaba tahsil olmoqda. Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish va nogironligi bor fuqarolarning ijtimoiy moslashuvchanligini oshirish maqsadida shahar Tibbiyot birlashmasi qayta rekonstruksiya qilindi, nogiron ayollar “Muruvvat uyi” taʼmirlanib, davolanuvchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Sirdaryo elitasi bo‘lgan “Yangiyer quruvchi” futbol klubi qayta tashkil etildi.

Ushbu olib borilayotgan ishlar zamirida Yangiyer shahrining 44 mingdan ortiq aholisini hayot tarzi yana-da yaxshilandi, deyish mumkin", - dedi G‘ofurjon Mirzayev.

Sessiyada Yangiyer shahriga hokim tayinlash bo‘yicha tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Viloyat hokimi 2019 yildan buyon Sirdaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Nosirov Otabek Ural o‘g‘li nomzodini Yangiyer shahar hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

Maʼlumot o‘rnida, O.Nosirov 1976 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti oliy. 1999 yilda Jizzax politexnika institutini, 2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Deputatlar nomzod bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi va Otabek Nosirovni bir ovozdan shahar hokimi etib tasdiqladi.

Sessiyada so‘zga chiqqanlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud imkoniyat va resurslardan samarali foydalanish yo‘lida hamjihatlik bilan mehnat qilib, ko‘zlangan marralarga erishish zarurligini alohida taʼkidladilar.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish