Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryo “Sayxun” festivali – oʻzbek va qozoq yoshlarining doʻstlik koʻprigi
“Sayxun” yoshlar festivali doirasida oʻtkazilayotgan “Doʻstlik” forumi mehmonlari – qozogʻistonlik bir guruh yoshlar Guliston shahriga yetib kelishdi. Ularni shahardagi “Bilimdonlar maskani”da sirdaryolik tengdoshlari tantanali kutib oldilar.

Forum ishtirokchilari dastlab, gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyishdi. Viloyat musiqali drama teatri foyesida oʻzbek-qozoq xalqlari tarixi va qadriyatlariga bagʻishlangan taqdimot namoyish etildi.

Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyati yoshlar resurslari markazi rahbari Yerassyl Tolebayev boshchiligidagi yoshlar delegatsiyasi “Doʻstlik koʻprigi!” shiori ostida tashkillashtirilgan konsert dasturini tomosha qildilar. Tadbirda yangragan ikki xalq qardoshligini tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar barchaga bayramona qayfiyat ulashdi. 

Soʻngra qozogʻistonlik mehmonlar “Qabullar uyi”da viloyat hokimi, senator Gʻofurjon Mirzayev bilan uchrashdilar. 

Uchrashuvda viloyat hokimi azal-azaldan qardosh hisoblangan oʻzbek va qozoq xalqlarining har jihatdan bir-biriga yaqinligi, birodarligini taʼkidladi.

– Oʻzbek va qozoq doʻstligi azaliy va abadiydir. Oʻzbek hamisha qozoq birodarini “jigarim”, deb ardoqlaydi, qozoq oʻzbekni “oʻz ogʻam”, deya eʼzozlaydi – dedi Gʻofurjon Mirzayev. – Sizlarning mashhur oqiningiz Abay qozoq xalqini dunyoga tanitdi, qozoq xalqi esa Abayni olamga mashhur qildi. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish kerakki, Abayning oʻzbek xalqiga mehr-muhabbati katta boʻlgan. Uning “Oʻzbekdan doʻsting boʻlsa och qolmaysan, qozoqdan doʻsting boʻlsa yoʻlda adashmaysan”, deya oʻzbek xalqiga yuksak baho bergan.
 
Viloyat hokimi uchrashuv davomida qozogʻistonlik mehmonlarga Sirdaryo zaminida olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlari haqida soʻzlar ekan, yurtimizni yanada rivojlantirish yoʻlida qoʻshni davlatlar bilan barcha sohalarda aloqalarni kuchaytirish, ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasining Prezidenti Qasim-Jomard Tokayevlarning ikki qardosh xalqlarimizning abadiy birodarligi va manfaatlari yoʻlidagi saʼy-harakatlari natijasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilganligini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Bunga yaqinda Turkiston shahrida oʻtkazilgan III Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hududlararo hamkorlik forumida mashinasozlik, agrobiznes, qurilish materiallari, elektrotexnika mahsulotlari, tibbiyot buyumlari, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa yoʻnalishlarda umumiy qiymati 611,3 million dollar boʻlgan 54 ta investitsiya va tijorat bitimlari imzolanganligini yaqqol misol qilish mumkin.

Shundan soʻng isteʼdodli yosh ijodkorlar ikki millat xalqi ijodidan mushoira uyushtirib, baxshichilikda doʻstona bellashdilar. Yoshlar Forumning dastlabki kuni haqidagi oʻz taassurotlari, fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdilar.

– Bugungi forumdan katta taassurotga ega boʻldik, – dedi Yerassyl Tolebayev. – Doʻstligimizni yanada mustahkamlab, xurmatli Gʻofurjon Gʻaniyevich taʼkildaganidek, ikki davlatning oʻzaro doʻstlik va hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishda biz, qozogʻistonlik yoshlar ham oʻzimizning munosib hissamizni qoʻshamiz. Sizlar boshlab bergan “Doʻstlik” forumi xalqlarimiz oʻrtasida haqiqiy “Doʻstlik koʻprigi” boʻlib xizmat qiladi. Endi sirdaryolik yoshlarni Turkistonda kutib qolamiz.

Uchrashuv yakunida viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev qozogʻistonlik mehmonlarga “Doʻstlik” forumi statuyetkasi va esdalik sovgʻalarini topshirdi.

“Doʻstlik” forumi davom etmoqda.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish