Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayxunobodda yorliqlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
Sayxunobod tumanining Farovon mahallasida "Atlasli yorliq" hamda "Neylonli yorliq" ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ish boshladi.

Shu yerlik tadbirkor Anvar Egamberdiyev bandlikni taʼminlash, nafaqat Sirdaryo viloyatidagi, qo‘shni viloyatlardagi ishlab chiqarish korxonalarini bejirim va chiroyli yorliqlar bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida mazkur korxonani ochdi. Unga Xitoy davlatidan o‘zining hamda bankning kredit mablag‘i hisobidan 6 turdagi ishlab chiqarish dastgohlarini keltirib o‘rnatdi. Buning hisobiga shu yerlik 6 nafar mahalliy yosh ish bilan taʼminlandi.

– Kelgusida faoliyatimni yana-da kengaytirib, qo‘shimcha ish o‘rni ochib, mahalladagi ishsiz va kam daromadli yoshlarni ish bilan taʼminlashni rejalashtirganman, – deydi tadbirkor Anvar Egamberdiyev. – Ochig‘i, o‘ylab qo‘ygan rejalarim bor. Buning uchun "Xalq banki"dan qo‘shimcha kredit mablag‘i olib, uni shu ishlarga yo‘naltirmoqchiman.

Uning bu tashabbusi tufayli tumandagi boshqa mahallalarda ham non va qandolatchilik mahsulotlari, mevalarni quritish, qadoqlash va boshqa turdagi bozorbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mini ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, uni ishga tushirish ustida ish olib borilyapti.

– Nasib qilsa, yil so‘nggiga qadar katta bo‘lmasa-da, kichik ishlab chiqarish korxonalarimiz sonini 2000 taga yetkazmoqchimiz, – deydi tuman savdo-sanoat palatasi boshlig‘i, tadbirkor Shoira Shamatova. – Buning uchun imkoniyat ham, resurs ham yetarli. Misol uchun aytadigan bo‘lsak, meva-sabzavotni quritib, qadoqlaydigan mini ishlab chiqarish korxonalarini ochmoqchimiz. Chunki, ho‘l mevaga nisbatan quritilgan va qadoqlangan mahsulotlarga xorij bozorlarida talab yuqori. Buning uchun ozgina izlanish, bozorni o‘rganish talab etiladi. Xomashyoga kelsak, bizda serob. Ayni pishiqchilik paytlarda qadoqlanadigan mahsulotlarning tannarxi juda past, yaʼni hamyonbop bo‘ladi. Eng muhimi, mini ishlab chiqarish korxonalari hisobidan ko‘plab yoshlarimiz ishli, ham daromadli bo‘lishadi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish