Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Kutubxona va muzeyi bor xonadon
Yangiyer shahridagi Navro‘zobod mahallasining Zebuniso ko‘chasidagi 2/1-xonadon ostonasidan kun bo‘yi odam uzilmaydi. Unga faqat shu mahalla yoki shaharda yashovchilargina emas, uzoq-yaqin manzillar — poytaxtu qo‘shni Tojikistondan ham tanish-notanish mehmonlar tez-tez kelib turadi.

Garchi ancha taajjublanarlidir, lekin aytish lozimki, ushbu xonadondan odam qadami bu qadar uzilmasligiga koronavirus pandemiyasi sabab bo‘lgan. Gap shundaki, mehnat faxriysi Abduqul Mamatov turmush o‘rtog‘i Bonu opa bilan bundan 5 yil oldin umra ziyoratiga taraddud ko‘rib turgan edi. Ammo pandemiya tufayli mazkur ibodat safari to‘xtatildi. Shunda ular bir reja qildilarki, zero, bu xayrli ishlari ham ko‘p savobli edi. Yaʼni umra ziyoratiga atalgan mablag‘ hisobiga o‘z xonadonlarida maʼrifat maskani tashkil etishdi. Dastavval kutubxona uchun kitoblar va jihozlar xarid qilindi. So‘ngra mahalladagi nogironligi bor shaxslar kutubxonaning ilk foydalanuvchilari sifatida ro‘yxatga olindi va ular o‘qishni istagan adabiyotlarni bevosita uyiga yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.

— Hozir kutubxonamizning adabiyot fondi 3 mingdan oshiq, — deydi Abduqul Mamatov. — Bunda yurtdoshlarimiz va qo‘shni Tojikistondan kelayotgan mehmonlarning ham katta hissasi bor. Negaki, ziyo maskanimizni ko‘rishga kelgan borki, qo‘lida kitob sovg‘asi bo‘ladi. Xususan, kitob javonlarimizda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, hokimliklar, turli tashkilotlar va yurtimizning o‘nlab taniqli kishilari hamda ijodkorlari tomonidan tuhfa qilingan kitoblar bor.

Mamatovlar xonadoni bugun “Bonu opa ziyo maskani” deb yuritiladi. Binobarin, mazkur uyda “Besh muhim tashabbus” asosida amalga oshirilgan madaniy-maʼrifiy loyihalar ayni nomga juda munosib. Masalan, muzey ham tashkil etilganki, uning osori atiqalari orasida juda noyoblari ham mavjud. Muzeyning mazmun-mohiyatida o‘zbek xonadoni turmushi, tarixi mavzulari ustuvor ekani eʼtiborga molik.

— Auksion orqali mahallamiz hududidan 6 sotix yerni sotib oldik, — deydi Bonu Mamatova. — Tez orada bu yerda o‘zbekona meʼmoriy uslubdagi imoratlarni qurib, unga muzeyni ham joylashtiramiz. Quriladigan uyimiz devorida tokchayu taxmonlar bilan birga xona sahnida haqiqiy sandal ham bo‘ladi. Shuningdek, “Onaxonlar maktabi”, “Nuroniylar bog‘i” ham tashkil qilish rejamiz bor.

Yangiyerda turli tadbirlarni o‘tkazish mumkin bo‘lgan muhtasham binolar ko‘p. Eʼtiborlisi, garchi oddiy xonadon bo‘lsa-da, “Bonu opa ziyo maskani” ham ular bilan bir qatordan joy olgan. Yaʼni bu maʼrifat ziyosi ufurib turgan xonadonda tez-tez turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar bo‘lib turadi.

Mamatovlar oilasi tomonidan mahalladagi nogironligi bor bolalar uchun muntazam ravishda yiliga uch marta xayriya tadbiri o‘tkazib kelinayotgani ham tahsinga loyiq. Bu ibratli ishlarning birinchisi Yangi yil bayrami kunlari amalga oshiriladigan sayohat hisoblanadi. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni — 1 iyunda esa mahalladagi nogironligi bor bolalar uchun bayram dasturxoni yoziladi. So‘ngra 3 dekabr — Xalqaro nogironlar kunida Toshkent shahriga sayohat tashkil etiladi.

Maʼnaviy-maʼrifiy hayotdagi faol ishtiroki va olib borayotgan xayrli, ezgu ishlari uchun Abduqul Mamatov “Sirdaryo viloyatining 60 yilligi”, Bonu Mamatova “Moʻtabar ayol”, “Maʼnaviyat fidoyisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Ular bosh bo‘lgan oila esa “Eng ibratli oila”, “Eng ibratli xonadon” tanlovlari g‘olibi hamdir.

Amalga oshirayotgan neki ezgu ishlari bor, mehnat faxriylari — Abduqul Mamatov va Bonu Mamatova ularning hech biridan moddiy manfaat ko‘zlamaydi. Hayotda o‘z o‘rnini topgan farzandlar — uch o‘g‘il va bir qizning ota-onasi bo‘lmish bu juftlikning maqsadi yagona, ko‘ngillarni obod qilishdir.

Ahmadali SHERNAZAROV,
“Xalq so‘zi”.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish