Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
JSST va Jahon diabet jamg‘armasining dasturi amaliyotga joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon diabet jamg‘armasi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha uch yillik tajriba loyihasini nihoyasiga yetkazdi.

Tajriba loyihasi Sirdaryo viloyatining Guliston, Sardoba, Oqoltin va Boyovut tumanlarini qamrab oldi. Asosiy eʼtibor qandli diabetning 2-turiga qarshi kurashish, birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirish va tibbiyot xodimlarini tayyorlashga qaratildi.  

Loyihaning natija va samarasini o‘rganish maqsadida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari hamda qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarining bir guruh tibbiyot xodimlari Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.  

Dastlab ular Guliston shahridagi 4-sonli oilaviy poliklinikada bo‘lib, dastur doirasida yangilangan klinik protokollar, bemorlarda kasallikni mustaqil boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan diabet maktablari, shifokor va hamshiralarning qandli diabet bo‘yicha aholining xabardorligini oshirish yuzasidan bilim va tajribalari bilan yaqindan tanishishdi.  

– Loyiha doirasida Sirdaryo viloyatining 4 ta hududidagi tanlab olingan poliklinikalarining barchasida diabet maktablari tashkil etilgan bo‘lib, bemorlar va ular qarindoshlarining guruhli va yakka tartibda taʼlim olishiga imkon yaratildi,–dedi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yusuf Mirxonov.– Bu  bemorlarning kasallikni chuqurroq tushunishi va uni mustaqil nazorat qila olishini taʼminlaydi.Natijada kasallik asoratlari kamayib, bemorning hayot sifati yaxshilanishiga olib keladi.

Kunning ikkinchi yarmida loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.Unda endokrinolog, oftalmolog mutaxassislar, tumanlar tibbiyot birlashmalari bosh shifokorlari, oilaviy shifokorlar, hamshiralar hamda bemorlar ishtirok etdi. 

Taqdimotda JSSTning yangilangan tibbiy protokollarining joriy etilishi, qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarning tibbiy sug‘urta tizimi orqali bepul dori-darmonlar bilan taʼminlanishi, poliklinikalarda diabet maktablarining tashkil etilishi, retinopatiya skriningi natijasi haqida batafsil maʼlumot berildi.  

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan pilot loyihani butun mamlakat bo‘ylab joriy etish rejasi maʼlum qilindi. Loyiha taqdimot tadbirida oftalmolog shifokorlar va hamshiralarning qandli diabetda ko‘z shikastlanishini tashxislash va davolash usullari bo‘yicha olgan bilim va tajribalari sinovdan o‘tkazildi.  

Endilikda 2-turdagi qandli diabetga chalingan barcha bemorlarda ko‘z to‘r pardasining skriningini o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘lganligi alohida eʼtirof etildi.  

– Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga ko‘ra, yurak-qon tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish aʼzolari va qandli diabet kabi bir qator yuqumli bo‘lmagan kasalliklar dunyo bo‘ylab tobora yosharib, nogironlik va va o‘lim ko‘rsatkichlari oshishiga sabab bo‘layapti,– deydi doktor Jill Farrington. – O‘zbekistonda ham har yili o‘lim holatlarining 78 foizi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar tufayli yuz bermoqda. Ayniqsa, qandli diabet kasalligi nafaqat kattalar, balki yoshlar o‘rtasida ham ortib borayotganligi qayd etildi.  

Aytish joizki, Sirdaryo viloyatida ham 11 yarim mingga yaqin bemor aynan qandli diabet bilan ro‘yxatga olingan. JSST tomonidan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish maqsadiga qaratilgan yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha kompleks yordamning joriy etilishi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimi faoliyatida ijobiy natijalarga erishishda muhim omil bo‘ladi.  

JSST mutaxassislari mazkur loyiha sog‘liqni saqlash xizmatlarining umumiy qamroviga erishishga qaratilgan yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli strategiyaning bir qismi ekanligini taʼkidlab, o‘z xulosalarini taqdim etdi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish