Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Tomorqa – katta daromad manbai

Shu kunlarda Sayxunobod tajribasini viloyatning chekka hududlarida ham joriy etish, aholi daromadini oshirishda tomorqa va uy xo‘jaligidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Viloyatning olis hududlaridagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan bir guruh faollar Sayxunobod tumanidagi tomorqa yerlari faoliyatini o‘rgandi. 

Guruh aʼzolari dastlab “Nurobod” mahallasida yashovchi Muhayyo Mahmudovaning issiqxonasida bo‘ldi. Oila 2017-yildan buyon 50 sotixli issiqxonada pomidor va bodring yetishtirib keladi. Bu yerda doimiy 5 nafar, mavsumiy 15 nafar ayol ish bilan taʼminlangan. Issiqxonada yiliga ikki marotaba hosil yig‘ib olinadi. Hozir daromad yiliga o‘rtacha 230 million so‘mni tashkil etmoqda. 

Prezidentimiz tashrifidan so‘ng yurtdoshlarimiz ish faoliyatimizni o‘rganish uchun kelib turishibdi, – deydi Muhayyo Mahmudova. – Ular orasida ishimizdan qoniqish olib ketuvchilar bilan birga bundan ham katta daromad olish mumkinligini aytib ketganlar ham bo‘ldi. 

Guruh aʼzolari shu mahallada yashovchi Lola Ro‘ziyevaning faoliyatini ham o‘rgandi. Lola opa 6 sotixli issiqxonasida 15 yildan buyon mehnat qilib, 84 tup limon parvarishlaydi va limon daraxtlari ostida rediska yetishtiradi. Bu yerda doimiy 3 nafar, mavsumiy 5 nafar ishchi ish bilan taʼminlangan. Daromad yiliga o‘rtacha 60 million so‘mni tashkil etadi. 

Ayni paytda bozorda rediska mahsulotiga talab ko‘p, – deydi Lola Ro‘ziyeva. – Ayni paytda mahsulotni peshma-pesh bozorga chiqarish bilan bandmiz. Daromadi ham yaxshigina. Kelgusida issiqxonani yana ikki sotixga kengaytirib, ko‘proq daromad olishni maqsad qilganmiz.

Mahalladagi Akrom Ro‘ziyev o‘zining to‘rt sotixli issiqxonasida 10 yildan buyon limon parvarishlaydi. Yillik daromad o‘rtacha 40 million so‘m. Kelgusida issiqxonani yana 3 sotixga kengaytirish rejasi ham bor.

Faollar tumanning Shodlik mahallasidagi “Sayxun shukronasi” qandolat sexida ham bo‘ldilar. Yosh tadbirkor Sevara Abdullayeva mahalladagi o‘n nafar ayolga hunar o‘rgatish bilan birga ularni ish bilan taʼminlagan. Hozirgi kunda sexda 15 xildan ziyod shirinlik va pishiriqlar tayyorlanib, tuman hamda qo‘shni hududlarga buyurtma asosida yetkazib berilmoqda. 

Sevara Abdullayeva shu yil o‘tkazilgan “Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida “Eng yaxshi biznes reja” tanlovining viloyat bosqichida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yosh tadbirkor kelgusida yangi ishchi o‘rinlarni yaratishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Xullas, olis hududlar mahallalari faollari Sayxunobodda ko‘rsa ko‘rgudek, o‘rganishga arzigulik talaygina ishlar bilan tanishdi. 

Shubhasiz, bu ishlarning ortida zahmatli mehnat turibdi. Mashaqqatdan cho‘chimasagina dasturxonlarimiz to‘kin, turmushimiz yana-da farovonlashadi. Bu esa isbot talab qilmaydigan oddiy hayot haqiqatidir. 

 

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish